Samarqand marafoniga sanoqli kunlar qoldi
Samarqand şahrida şu yilning 7-8-noyabr kunlari “Samarkand Marathon Series 2026” marafoni bölib ötadi.
Özbekiston Respublikasi Madaniyat va sanʼatni rivojlantiriş jamğarmasi (ACDF) tomonidan turizm qömitasi va Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda 2019-yildan buyon ötkazib kelinayotgan mazkur tadbir sport, madaniyat va xayriyani özida mujassam etgan yirik xalqaro ommaviy yuguriş musobaqasidir.
Marafon ilk bor 2019-yilda “Samarkand Half Marathon” (yarim marafon) sifatida ötkazilgan bölsa, keyinçalik masofalar kengaytirilib, töliq marafon (42,195 km) darajasiga yetkazildi va anʼanaviy tarzda har yili noyabr oyining boşida ötkazib kelinmoqda.

Marafondan yiğilgan barça mablağlar har yili muayyan bir ijtimoiy va xayriya loyihasiga yönaltiriladi. Masalan, dastlabki yillarda mablağlar madaniyat maskanlarida közi ojizlar uçun inklyuziv muhit yaratişga sarflangan bölsa, bu yilgi marafon mablağlari mamlakatimiz hududlarida bolalar sport maydonçalari taşkil etişga yönaltirilişi belgilangan.
Taşkilotçilarning qayd etişiça, marafon orqali imkoniyati çeklangan şaxslarning madaniy va sport obʼektlaridan erkin foydalanişi, inklyuziv muhitni şakllantiriş masalasiga jamoatçilik eʼtiborini qaratiş közda tutilgan. Şu maqsadda har yili imkoniyati çeklangan sportçilar uçun alohida masofalar taşkil etiladi.
Şuningdek, aholi örtasida yugurişni ommalaştiriş, Samarqandni Markaziy Osiyoning yetakçi marafon markazlaridan biriga aylantiriş, xorijlik yuguruvçilarni jalb etiş orqali sport turizmini rivojlantiriş ham marafonning asosiy maqsadlaridan hisoblanadi.
Musobaqa trassasi xalqaro World Athletics va AIMS standartlari böyiça sertifikatlangan bölib, iştirokçilar uçun dunyodagi eng nufuzli World Marathon Majors seriyasiga saralaş bosqiçi vazifasini ham ötaydi.
Bu yilgi dasturdan 2 kilometr, 5 kilometr, 10 kilometr, 21,1 kilometr va 42,2 kilometr masofalarga yuguriş, bolalar va inklyuziv startlar, şuningdek, ekologik tadbirlar örin olgan.
Ötgan yilgi marafonda dunyoning 50 dan ortiq davlatidan 8 ming nafardan ziyod sportçi qatnaşgan edi. Bu yil 60 dan köproq mamlakatdan yuguruvçilar iştirok etişi kutilmoqda.
Ğ.Hasanov, ÖzA muxbiri