Samarqand Davlat universitetining Yevropa OTM bilan hamkorligi mustahkamlanmoqda
Konsepsiyada Samarqand Davlat universitetining dunyodagi nufuzli 500 talik oliy o‘quv dargohlari qatoridan joy olishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabridagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida“gi farmoni ijrosini ta’minlash borasida Samarqand Davlat universitetida amaliy ishlar qilinmoqda. Konsepsiyada Samarqand Davlat universitetining dunyodagi nufuzli 500 talik oliy o‘quv dargohlari qatoridan joy olishi belgilangan.
Ayni paytga qadar universitetning Qo‘shma hamkorlik dasturi asosida dunyoning 70 dan oshiq mamlakatlari oliy o‘quv dargohlari bilan o‘zaro hamkorlik o‘rnatgani, albatta, e’tiroflidir. Bir necha kundan buyon Samarqand davlat universiteti tarix fakultetining dekani, dotsent Dilfuza Jo‘raqulova Niderlandiyaning Leyden universitetida bo‘lib, talabalar, professor – o‘qituvchilar bilan qator muloqotlar tashkil etib, o‘zaro tajriba almashmoqda. E’tiboringizga uning telefon orqali bildirgan fikr-mulohazalarini havola qilamiz.
– Leyden universitetiga tashrifimiz, avvalo, har ikkala ta’lim muassasasining o‘zaro yaqin aloqada bo‘lganligidandir, – deydi Dilfuza Jo‘raqulova. – O‘tgan yili Leyden universitetining ikki nafar talabasi bizning fakultetda o‘zaro kelishilgan almashinuv Dasturi asosida olti oy mobaynida tahsil olib, bir olam taassurot bilan qaytgan edi. Niderlandiyaning Leyden universitetiga kelib, magistr va doktorantlarga ma’ruza o‘qish jarayonida shuni angladimki, Markaziy Osiyo, xususan, xorijlik ilm ahli va talaba yoshlarning O‘zbekistonga, uning tarixi va madaniyatiga bo‘lgan e’tibori, qiziqishi katta. Jahonning bir qancha mamlakatlaridan kelib, bu yerda tahsil olayotgan magistr va doktorantlarga o‘zbek tilida ma’ruza o‘qidim. Xorijlik tinglovchilarga O‘zbekistonning, xususan, qadimiy va hamisha navqiron Samarqandning moziy bilan bog‘liq ma’lumotlari benihoya qiziqtirmoqda. Shuningdek, o‘z ma’ruzalarimda, mamlakatimiz tarixi, madaniyati va san’ati bilan birga prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan boy qadimiy madaniy merosini saqlash va ommalashtirish masalalari borasida amalga oshirayotgan siyosati to‘g‘risida ma’lumotlarni berdim.
Qiziqarli savol-javoblar so‘nggida ularning bir qismi O‘zbekistonga kelish istagini bildirib, o‘zbek tilida minnatdorchilik bildirishdi.