Samarqand davlat universiteti QS reytingida munosib o‘rin egalladi
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti xalqaro Quacquarelli Symonds (QS) agentligi tomonidan o‘tkazilgan dunyoning eng yaxshi universitetlarining fan sohalari bo‘yicha reytingi – “QS World University Rankings by Subject – 2026” natijalariga ko‘ra “Zamonaviy tillar” fan reytingida 251-300-o‘rinlarni egalladi.
Bu natijaga universitet tarkibidagi Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti olimlarining zahmatli mehnatlari tufayli erishilganini ta’kidlash lozim. Ayni paytda institutdagi besh ta’lim yo‘nalishi hamda o‘nta kafedrada 167 nafar mahalliy hamda 25 nafar xorijlik professor-o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular 1850 nafar talabaga o‘zbek, tojik, rus, ingliz, turk tillari bo‘yicha saboq bermoqda.
– Universitetimiz rahbariyati 2024-yilda tegishli fakultet va institutlarni Quacquarelli Symonds (QS) agentligi tomonidan o‘tkaziladigan dunyoning eng yaxshi universitetlarining fan sohalari bo‘yicha reytingida faol ishtirok etishga da’vat qilgandi, – deydi Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti direktori, professor Jo‘liboy Eltazarov. – Shu asosida QS reytinglarida ishtirok etish tamoyillari va talablarini puxta o‘rgandik. Universitet ilmiy bo‘limi hamda transfer ofisi filolog-olimlarimizga xalqaro reyting talablariga ko‘ra ish yuritishni o‘rgatdi, bu borada tizimli ravishda trening va seminarlar o‘tkazildi. Shuningdek, institutga Sorbonna universiteti, Istanbul universiteti, Anqara universiteti, Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universiteti, Aleksandriya universiteti, Tehron universiteti, Nijniy Novgorod lingvistika universiteti, Krasnoyarsk universiteti kabi nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan professor-o‘qituvchilar taklif etildi va ular yordamida filologik ta’lim va zamonaviy tillarni tadqiq etish bo‘yicha ilg‘or jahon tajribasini joriy etdik. Natijada keyingi ikki yilda Skopus indeksli jurnallarda institut olimlarining 100 dan ortiq maqolasi e’lon qilindi, ish beruvchilar hamda QS so‘rovnomasida yuqori ko‘rsatkichlar qayd etildi.
Institut jamoasi 2026-yil yakunlariga ko‘ra “QS World University Rankings by Subject - 2027”ning “Lingvistika” fan reytingida ham TOP-300 talikka kirishni maqsad qilgan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri