Samarali boshqaruv – davr talabi
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida tashkilotlarni samarali boshqarishga ko‘maklashadigan ma’lumotlar taqdim etish, prognoz va tahlil qilishga yordam beradigan ilg‘or yechimlar hamda ishlanmalarga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida tashkilotlarni samarali boshqarishga ko‘maklashadigan ma’lumotlar taqdim etish, prognoz va tahlil qilishga yordam beradigan ilg‘or yechimlar hamda ishlanmalarga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.Tadbirda Savdo-sanoat palatasi, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati, davlat tashkilotlari, sanoat korxonalari vakillari, kommunal xizmat ko‘rsatuvchilar, korxonalarni boshqarish bo‘yicha axborot tizimlarini ishlab chiquvchi mutaxassislar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi A.Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda korxona va tashkilotlarni boshqarish yanada faollikni talab etmoqda. Binobarin, har qanday tashkilot yoki korxona imkoniyatlaridan foydalanish samaradorligini oshirish imkonini beradigan boshqaruv axborot tizimlarini joriy etish biznesni rivojlantirishning muhim vositalaridan biridir.
Prezidentimizning 2013-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda davlat tashkilotlari faoliyatiga turli axborot tizimlari faol joriy etilmoqda. Ayni paytda turli boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish va qog‘ozli hujjat almashinuvini qisqartirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilayotgani aynan shu maqsadlarga qaratilgan.
Tashkilotlar faoliyatiga zamonaviy boshqaruv axborot tizimlarini joriy etish imkoniyatlari seminar ishtirokchilarining e’tiborini tortdi. Masalan, ish jarayonida mutaxassislarda ko‘plab turli ma’lumotlar to‘planib qoladi. Aksariyat tashkilotlarda yaqin vaqtgacha bunday ma’lumotlar qog‘oz shaklida saqlanar, ma’lumotlarni qayta ishlash uchun barcha arxiv hujjatlarini ko‘rib chiqishga to‘g‘ri kelardi. Axborot tizimlarining asosiy vazifasi barcha resurslarni samarali boshqarishni ta’minlash maqsadida ma’lumotlarni elektron shaklda to‘plash, ularga ishlov berish, saqlash va tahlil qilish, tashkilotni boshqarish uchun axborot va texnologik muhitni yaratishdan iborat.
Tadbir doirasida «Visiology» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan yangi «Visiology» tahlil tizimining taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu tizim tashkilot faoliyatiga oid ma’lumotlarni ko‘rib chiqish va tahlil qilish, turli yo‘nalishlar bo‘yicha taqdim etiladigan hisobotlarni shakllantirish imkonini beradi. Bundan tashqari, mutaxassislarga korxonaning barcha-biznes jarayonlari, operatsiyalarni rejalashtirish, amalga oshirish, ro‘yxatga olish va tahlil qilish uchun zarur ishonchli ma’lumotlarni taqdim etadi.
Seminar yakunida davlat tashkilotlari faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.