Salomatlikka oid oddiy, ammo muhim qoidalar...
Salomatligimiz uchun oddiy, ammo juda muhim bo‘lgan qoidalar borki, ularga amal qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati fuqarolar gripp va o‘tkir respirator kasalliklarida gumon qilinsa, darhol shifokorga murojaat qilishni va agarda bemor isitmalasa, yotishi, shifokorni uyiga chaqirishi lozimligini eslatib o‘tmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kasallikni oyoqda o‘tkazmaslik, shifokor maslahati va tavsiyalari asosida ish tutish, agar bemor uy sharoitida davolansa, unga alohida xona, idish, sochiq, o‘rin-ko‘rpa ajratilib, kam harakat qilishi kerak. Bemorga qarayotganlar burun va og‘zini respirator yoki dokali niqob bilan to‘sishi, qo‘llarini tez-tez sovunlab yuvib turishi, bemor yotgan xonani shamollatib, namli tozalov ishlarini amalga oshirishi darkor.
Bemorga ko‘proq suyuqlik – quruq mevalar qaynatmasi, meva sharbatlarini ichirish hamda oson hazm bo‘ladigan oqsil va vitaminlarga boy taomlarni iste’mol qildirish tavsiya etiladi. Shuningdek, fuqaroning kasallangan davrda jamoat joylariga (ishxona, o‘qish, kinoteatrlar, konsert zallari, yig‘ilishlar, mehmonga) bormasligi, yo‘talganda va aksirganda og‘iz-burunni ro‘molcha bilan yopishi tavsiya etiladi.
O‘zA