Salomatlik maydonchalari talab darajasidami?
Insonning kamharakatda bo‘lishi ko‘plab kasalliklarni paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Eng yomoni, kamharakat bo‘lgan insonlar hayotiga har qanday xastalik xavf soladi.
Buni yaqin o‘tmishimizda sodir bo‘lgan va bo‘layotgan pandemiya davri yaqqol isbotlab berdi. Shu sababli hukumat darajasida aholi salomatligini mustahkamlashda sportni ommalashtirish, aholini sog‘lom turmush tarziga amal qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan. Unga ko‘ra, har bir oila, mahalla va tuman (shahar)da, maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida hamda boshqa tashkilotlarda jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shug‘ullanishga shart-sharoit yaratish ko‘zda tutilgan.
[gallery-6446]
Farmon asosida mamlakatda aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda — yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, «Workout» (mahalla va ko‘cha fitnesi) sportning ustuvor turlari etib belgilangan edi. Farmonda yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol va «Workout» sport turlarini ommaviylashtirish va rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun Davlat byudjetidan 2021 yildan boshlab dasturlar to‘liq bajarilgunga qadar har yili 104 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilishi qayd etilgan.
Farmon ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida bugungi kunga ko‘plab joylarda piyodalar va veloyo‘laklar paydo bo‘ldi. “Workout” maydonchalari tashkil qilinib, salomatligiga befarq bo‘lmagan fuqarolar ulardan foydalanib, salomatligini mustahkamlamoqda. Afsuski, qarorda ko‘rsatilgan vazifalar hamma joyda ham belgilanganidek emas, xo‘jako‘rsinga tashkil qilinganligi bois, bugun ulardan foydalanishning imkoni yo‘q.
Xususan, Samarqand shahrining Qorasuv massivi hududidagi “Workout” maydonchalari “mendan ketguncha, egasiga yetguncha qabilida” tashkil qilinganligi bois, bugun ko‘plab sog‘lomlashtirish uskunalari yaroqsiz holatga kelib qolgan. Mas’ullar yaroqsiz holatdagi uskunalarni ta’mirlash o‘rniga, ularni olib tashlashni ma’qul ko‘rgan shekilli, ayrimlari tag-tubi bilan yo‘qolgan. Aslida aholi salomatligini ta’minlash uchun Prezident farmoni bilan tashkil qilingan maydonchalarni mavjud holatini kim nazorat qiladi? Hukumat darajasida e’tibor qaratilgan masala quyida nima uchun bee’tibor qoldirilmoqda?
Alisher ISROILOV, O‘zA