Salomatlik — kafolatlangan huquq
Inson hayotida salomatlikdan qimmat ne’mat yo‘q. Biror dard tufayli shifokor eshigini qoqqan inson uchun eng muhimi — tashxisning aniqligi, davolashning samaradorligi, dori-darmonning mavjudligi va tibbiy yordamning o‘z vaqtida ko‘rsatilishidir. Bugun tibbiyotda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati ham, avvalo, ana shu ehtiyojga borib taqaladi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimining joriy etilishi esa tibbiy xizmat ko‘rsatishning an’anaviy yondashuvlaridan yangi, natijaga yo‘naltirilgan mexanizmlarga o‘tish jarayonini boshlab berdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentabrdagi “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Buxoro viloyatida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari 2025-yil 1-yanvardan hududiy darajada, shu yil 1-oktabrdan esa barcha tibbiyot tashkilotlarida to‘liq joriy etildi. Bu shunchaki tibbiyot muassasalari ishlash tartibining o‘zgarishi emas. Bu — bemor, shifokor va tibbiy muassasa o‘rtasidagi munosabatlarning yangi tamoyillar asosida shakllanishi, tibbiy xizmatga sarflanayotgan mablag‘larning natija bilan bog‘lanishi, eng muhimi, aholining sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan tizimli jarayondir.
Davlat tibbiy sug‘urtasining asosiy maqsadi aholiga kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaratish, tibbiy yordamni moliyalashtirishni natijaga yo‘naltirish va xizmatlar sifatini oshirishdan iborat.
Bugun aholisi 2 million nafardan ortiqni tashkil etadigan Buxoro viloyatida 235 ta tibbiyot muassasasi faoliyat yuritmoqda. Jamg‘arma tomonidan ushbu muassasalar bilan tibbiy xizmatlar xaridi bo‘yicha shartnomalar imzolangan.
Yangi tizimning muhim jihati shundaki, tibbiy yordam ko‘rsatish jarayonida bemorning ehtiyoji birinchi o‘ringa chiqadi. Kafolatlangan paket doirasidagi xizmatlardan foydalanish, odatda, oilaviy shifokorga murojaat qilishdan boshlanadi. Oilaviy shifokor bemorning holatini baholaydi, davolash va tashxislash standartlariga muvofiq zarur tibbiy choralarni belgilaydi. Kerak bo‘lgan hollarda esa bemorni tor soha mutaxassisiga yoki shifoxonaga yo‘llanma asosida yuboradi.

Bu tartib tibbiy yordamni tizimli tashkil etish, bemorning bir muassasadan boshqasiga asossiz qatnab yurishining oldini olish va tibbiy resurslardan maqsadli foydalanishga xizmat qiladi. Shoshilinch va tez tibbiy yordam esa ushbu yo‘nalishdan mustasno.
Islohotlarning samarasini baholashda raqamlar muhim mezon. Ammo har bir raqam ortida inson taqdiri, oila tashvishi va hayot uchun kurash turganini ham unutmaslik kerak.
Joriy yilning o‘tgan oylari davomida Buxoro viloyatida 225 ming nafardan ortiq bemor davolangan. Ularning qariyb 198 ming nafari byudjet mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam olgan. Bu ko‘rsatkich davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari aholi uchun amalda ishlay boshlaganini ko‘rsatuvchi muhim natijalardan biridir. Ya’ni tibbiy xizmatdan foydalanishda aholining moliyaviy imkoniyati hal qiluvchi omilga aylanib qolmasligi uchun davlat tomonidan moliyaviy mexanizmlar shakllantirilmoqda.
Profilaktika yo‘nalishida ham muayyan natijalar qayd etilgan. Aholiga rejalashtirilgan tibbiy-profilaktik xizmatlar ko‘rsatish 69,5 foizni, profilaktik ko‘riklar 65 foizni, skrining tekshiruvlari esa 67,2 foizni tashkil etdi. Bu raqamlarning ahamiyati shundaki, zamonaviy tibbiyotda kasallikni davolashdan ko‘ra uni barvaqt aniqlash va oldini olish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Skrining va profilaktik ko‘riklar qamrovining oshishi esa kasalliklarni dastlabki bosqichda aniqlash imkoniyatini kengaytiradi.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga aholi qatnovlari joriy yilning shu davrida 10 million 743 ming 635 tani tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 122,5 foizlik o‘sish demakdir. Bu ko‘rsatkichga faqat statistik raqam sifatida qarash to‘g‘ri emas. Chunki birlamchi tibbiy yordam — insonning sog‘liqni saqlash tizimi bilan birinchi va eng ko‘p uchrashadigan nuqtasidir.
Aholining oilaviy shifokorga murojaati ko‘payishi birlamchi bo‘g‘inning ahamiyati ortib borayotganini anglatadi. Zero, kasallikni erta aniqlash, profilaktika, dispanser nazorati va zarur hollarda bemorni ixtisoslashgan tibbiy yordamga yo‘naltirish aynan shu bosqichda boshlanadi.

Kunduzgi statsionarda davolanganlar soni ham o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 445 nafarga oshgani tibbiy yordamni aholiga yaqinlashtirish, statsionar va ambulator xizmatlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish jarayonida yana bir ko‘rsatkich bo‘lib xizmat qilmoqda.
Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarining aholi hayotiga bevosita ta’sir qilayotgan muhim yo‘nalishlaridan biri — reimbursatsiya dasturidir.
Joriy yilning 1-martidan ishga tushirilgan ushbu tizim orqali dispanser nazoratida turgan bemorlarga zarur dori vositalari elektron retsept asosida bepul berila boshladi. Hozirga qadar 228 ming nafar bemor ushbu xizmatdan foydalangan. Buning uchun dorixonalarga 31,5 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.
Elektron retseptning ahamiyati faqat qog‘ozbozlikni qisqartirish bilan cheklanmaydi. U bemorga belgilangan dori vositalarini tizimli ravishda olish, tibbiy tavsiyalarni elektron shaklda yuritish va ajratilayotgan mablag‘larni nazorat qilish imkoniyatini yaratadi. Eng muhimi, doimiy davolanishga muhtoj bemor uchun dori vositalaridan foydalanish imkoniyati uning kundalik hayotida katta ahamiyat kasb etadi. 228 ming nafarlik ko‘rsatkichning o‘ziyoq mazkur mexanizm qanchadan-qancha inson uchun amaliy ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.
Davlat tibbiy sug‘urtasining yana bir muhim jihati tibbiy xizmatlarni moliyalashtirish mexanizmlarining o‘zgarishidir.

2026-yil uchun tibbiy xizmatlar xaridi bo‘yicha 2 trillion 293,6 milliard so‘mlik shartnomalar imzolangan. Hozirgacha 1 trillion 448,5 milliard so‘m to‘lab berilgan.
Bu yerda asosiy masala faqat mablag‘ miqdorida emas. Yangi tizimda moliyalashtirishni ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar va ularning natijasi bilan bog‘lashga katta e’tibor qaratilmoqda. Demak, tibbiy muassasa uchun faqat xizmat ko‘rsatish emas, uni sifatli va belgilangan standartlar asosida amalga oshirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa tibbiyotda mas’uliyatning yangi mezonlarini shakllantiradi: mablag‘ — xizmatga, xizmat — natijaga, natija esa inson salomatligiga bog‘lanadi. Albatta, har qanday yangi tizimni joriy etish bir kunda mukammal natija bermaydi. Yangi mexanizmlarni amaliyotga moslashtirish, tibbiyot xodimlarining yangi tartiblarga ko‘nikma hosil qilishi, aholining tizim imkoniyatlaridan to‘liq xabardorligini ta’minlash, elektron ma’lumotlar almashinuvini takomillashtirish kabi vazifalar doimiy e’tiborni talab qiladi. Shu nuqtai nazardan, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimining keyingi bosqichida raqamlardagi o‘sish bilan bir qatorda aholining tibbiy xizmatdan qoniqishi, tashxis va davolash sifati, navbatlarning qisqarishi, dori vositalari bilan ta’minlanish barqarorligi kabi ko‘rsatkichlar ham muhim mezon bo‘lib qoladi. Zero, islohotning eng katta natijasi milliardlab so‘m yoki millionlab qatnovlar emas. Uning haqiqiy samarasi — bemorning o‘z vaqtida tashxis olishi, kerakli davolashga erishishi, zarur dori vositasini olishi va tibbiyot tizimiga ishonchi mustahkamlanishida namoyon bo‘ladi.
O‘zbekistonda davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish tashabbusi aynan shu maqsad — aholiga kafolatlangan va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini shakllantirishga qaratilgan. Buxoro viloyatidagi bugungi ko‘rsatkichlar esa mazkur jarayonning raqamlarda ifodalangan manzarasini ko‘rsatmoqda.
Eng muhimi, bu raqamlarning har biri ortida inson bor.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri