Salim Ashurdan yangi kitob: “Buyuk – 75”
“Pravo-press” nashriyoti shoir Salim Ashurning “Buyuk – 75” nomli she’riy kitobini chop etdi.
Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan nashr etilgan ushbu kitob urushda halok bo‘lgan, bedarak yo‘qolgan, yaralangan, front ortida g‘alabaga hissa qo‘shgan barcha insonlarga bag‘ishlanadi.
Kitobga “1991 yil balladasi”, “Otalar va bolalar: 1941-1945”, “Yarador handaklar”, “Urush ovozi”, “Yoriltosh”, “1941 yil olmasi”, “Xotira xiyoboni” she’rlari kiritilgan. To‘plamga kiritilgan har bir she’r urushning bashariyatga qoldirgan sovuq xotiralarini yodga soladi. Kishi hayollarini shukronalik tomon eltadi.
Buyuk - 75
41 yilda otilgan sen o‘q,
otamning qabrida zangladingmi yo?
Menku sendan hali qutulganim yo‘q,
Sendan qutilmadi jafokash dunyo.
Sen bois og‘riydi to hanuz Vatan,
oq, qora xabarlar kelar peshma-pesh.
Hayotni mo‘ljallab uchsang dafatan
Yo‘lingni to‘sgaydir Buyuk-75!
Tarixga aylangan mangu yozuvlar,
chalajon jangchidek ko‘tarar faryod.
Qizil o‘lkalardan kelgan oq suvlar
Bilan kelajakni boqadi hayot.
41 yilda 41-o‘q,
Xotiradan kechgan ko‘r ko‘zlarni tesh.
Senga yo‘l, ko‘cha yo‘q, senga ism yo‘q.
Hayotga qalqondir Buyuk -75