Said Ahmad ijodiga bagʻishlandi
Mazkur anjumanning Anqara universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgani bejiz emas.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi Said Ahmad tavalludining 100-yilligi munosabati bilan Zoom dasturi orqali onlayn videokonferensiya boʻlib oʻtdi.
Turkiya davlati Ankara universitetining mutaxassis va olimlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda yozuvchi Said Ahmad hayoti va ijodi, asarlari tahlili hamda ularning xorijiy tillarga tarjima qilinishi, oʻrganilishi yuzasidan ilmiy maʼruzalar, muhokamalar boʻlib oʻtdi. Nukus davlat pedagogika instituti professor-oʻqituvchilari, talabalari bilan bir qatorda Ankara universiteti talaba va magistrantlari Irem Bostan, Safiye Kirlanlaniç, Musa Can Kahraman ishtirok etib, yozuvchining ijodi haqida, shuningdek, konferensiyaning ahamiyati xususida munosabatlarini bildirishdi.
Mazkur anjumanning Anqara universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgani bejiz emas. Chunki, bir qator qardosh xalqlar singari Turkiyada ham oʻzbek adabiyotining buyuk namoyandasi, atoqli adib, Oʻzbekiston Qahramoni Said Ahmad asarlari sevib oʻqiladi. Yaqinda yozuvchining sara hikoyalari “Özbek Edebiyatiʼnin Seçme Eserleri. Said Ahmed. Hikâyeler” degan nom bilan turk tilida nashr etildi.
Tadbir yakunida Nukus davlat pedagogika instituti hamda Anqara universiteti oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot hamda maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda oʻzaro hamkorlik dasturlarini yana-da rivojlantirish borasida kelishib olindi.