Sahnada “yer baribir aylanaveradi”
Shu kunlarda O‘zbekiston davlat drama teatri sahnasida taniqli dramaturg Sharof Boshbekovning “Yer baribir aylanaveradi” spektakli tomoshabinlar e’tiboriga havola etilmoqda.
Shu kunlarda O‘zbekiston davlat drama teatri sahnasida taniqli dramaturg Sharof Boshbekovning “Yer baribir aylanaveradi” spektakli tomoshabinlar e’tiboriga havola etilmoqda.
Spektakl rejissyor Olimjon Salimov tomonidan sahnalashtirilgan. Muallif Sharof Boshbekovning ta’kidlashicha, mazkur pesa uydirma (absurd) janrida yaratilgan bo‘lib, “Temir xotin” asari bilan bir vaqtda yozilgan.
Spektaklda tasvirlanishicha, noshud kishilardan biri hokimlik qilgan davrda viloyatdagi qishloq xo‘jaligi, qurilish, sog‘liqni saqlash, maorif, qo‘yingki, barcha sohalarda oqsash kuzatiladi. Hokim xizmat vazifasidan ozod qilinib, qamoqqa olinadi. Uning o‘rniga tayinlangan hokim viloyatning shunday ayanchli ahvolga tushishi sabablarini bilish uchun qamoqxonaga borib, sobiq hokim bilan uchrashadi. Sobiq hokim bilan yangi hokim o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqot spektaklning g‘oyaviy mazmunini tashkil etadi. Voqea asosan qamoqxona kamerasida va muayyan vaqt ichida ro‘y beradi. Shunday chegaralangan makon va zamonda bir viloyatning obod hududdan nochor viloyatga aylanishi sabablari sahna vositalari orqali ochib beriladi. Muhimi, ko‘p yillar avval qaysi sohalardagi xato va kamchiliklarni bartaraf etish talab qilingan bo‘lsa, bugungi kunda ham qariyb o‘sha sohalarni tubdan isloh qilish va yaxshilash masalasi kun tartibiga qo‘yilgan. Spektaklning “Yer baribir aylanaveradi” deb nomlanishida ham shu masalaga ishora sezilib turadi.
Sobiq hokim rolini artist B.Mirmaqsudov, yangi hokim rolini esa I.Berdiev ijro etmoqda.