Safina Sa’dullayeva Germaniyaga yo‘l oldi
Germaniyaning Kotbus shahrida yengil atletikaning ayollar o‘rtasida balandlikka va erkaklar o‘rtasida langar cho‘pga tayanib sakrash yo‘nalishi bo‘yicha "International Jump Meeting Cottbus" turniri o‘tkaziladi.
Mazkur musobaqa joriy yilning 29 yanvar kuni o‘tkaziladi. Quvonarlisi, ushbu turnirning ayollar o‘rtasidagi balandlikka sakrash bellashuvlarida hamyurtimiz Safina Sa’dullayeva ham ishtirok etadi.
Nufuzli musobaqada Safinaga Iren Shou (Avstraliya), Liya Apostolovski (Sloveniya), Kristina Xonsel (Germaniya), Imke Onnen (Germaniya), Byanka Stixling (Germaniya), Xeta Tuuri (Finlyandiya) Kristina Ovchinnikova (Qozog‘iston), Idea Peroni (Italiya), kabi mahoratli atletlar qarshilik ko‘rsatadi.

Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, S.Sa’dullayevaning raqiblari orasida faoliyatidagi eng yaxshi shaxsiy ko‘rsatkich Kristina Xonselga tegishli bo‘lib u 1,98 natija qayd etgan. Atletimizning eng baland sakragan natijasi 1,97 metr. Qolgan yuqorida nomi qayd etilgan sportchilarning natijalari ularnikidan biroz pastroq. Bu esa «International Jump Meeting Cottbus» turnirida Safina Sa’dullayeva medallar uchun kurashish imkoni bor deganidir.
Ma’lumot o‘rnida: 2024 yil o‘tgan «International Jump Meeting Cottbus» turnirida Safina Sa’dullayeva 1,86 natija bilan uchinchi o‘rindan joy olgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA