Sabzavotchilikda hosildor yangi navlar yaratilmoqda
2019 yilda mamlakatimizda 114 ming gektar maydonda 21 million tonna meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlari yetishtirildi.
Qishloq xo‘jaligi
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazida “Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlarining so‘nggi yillardagi seleksiya yutuqlari, yangi navlarning ishlab chiqarishdagi o‘rni, uning samaradorligi, sabzavotchilik va polizchilikda mahalliy navlarga e’tibor” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan birgalikda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi mutaxassislari, Toshkent davlat agrar universiteti professor-o‘qituvchilari, ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari ishtirok etgan tadbirda qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Bahodir Xoliqov va boshqalar qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar iqtisodiyotimiz barqarorligi, xalqimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Ichki bozorni sabzavotlar, kartoshka, meva va poliz mahsulotlari bilan barqaror to‘ldirish, qayta ishlash korxonalarini xomashyo bilan muntazam ta’minlash, tashqi bozorlarga xaridorgir va raqobatbardosh mahsulotlar eksporti hajmini ko‘paytirish eng avvalo urug‘chilikdagi seleksiya ishlariga bog‘liq ekani qayd etildi.
2019 yilda mamlakatimizda 114 ming gektar maydonda 21 million tonna meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlari yetishtirildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan jami 217 trillion 700 milliard so‘m yoki 2018 yilga nisbatan 12 foiz ko‘p foyda olindi. Shu bilan birga 1,3 milliard dollar qiymatidagi 1,5 million tonna meva-sabzavot eksport qilindi.
Tadbirda soha mutaxassislari tomonidan sabzavot va poliz ekinlari seleksiyasi, urug‘chiligi hamda yetishtirishdagi muammo va yechimlari, ekinlarni yetishtirishning zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalari yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi. Xususan, o‘tgan vaqt davomida mazkur yo‘nalishda bir qator qonun, qaror va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi hamda urug‘chilikda olib borilgan kompleks chora-tadbirlar o‘z samarasini berdi. Natijada Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti va uning ilmiy-tajriba stansiyalarida davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida jami 13 ta (1 ta fundamental va 12 ta amaliy) loyiha bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, institutda 2019 yil 2017 yilga nisbatan 7 ta ko‘p loyiha doirasida izlanishlar olib borilgan. Xususan, poliz ekinlari, kartoshka seleksiyasi va urug‘chiligi bo‘yicha, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.
Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti va uning ilmiy-tajriba stansiyalaridagi ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida yangi yaratilgan 21 ta nav va duragaylar davlat reestriga kiritildi. Himoyalangan maydonlarda yetishtirish uchun pomidorning “Umid” (cherri), bodringning 3 ta duragayi “Durafshon G‘1”, “Bahora G‘1”, “Sardor G‘1”, ochiq maydonlarda yetishtirish uchun pomidorning “Yulduz”, “Nayman”, “Barlos”, “Daryo” hamda ilk bor O‘zbekistonda pomidor payvandtagi “Matonat” navi, bodringning 2 ta duragayi “Doyara G‘1” va “Shirin G‘1”, piyozning “Ravnaq”; sholg‘omning “Gulshod” kabi navlari shular jumlasidandir.
Davlat nav sinash komisciyasida issiqxona uchun pomidorning “Navro‘z”, “Yantarniy”, ochiq dala uchun bodringning “Iffor” duragayi, shirin qalampirning “Marjona”, sabzavot soyasining “Izumrud” navlari sinovdan o‘tmoqda. Shuningdek, pomidorning “Osiyo”, “Ofarin”, “Durdona”, baqlajonning “Globus”, qovunning “Novotkalla”, achchiq qalampirning “Sharq gavhari”, noan’anaviy sabzavot ekini bamiyaning “Toshkent tuhfasi” navlari sinovga topshirildi. Ushbu yangi yaratilgan bodringning “Iffor” naviga patent olish uchun intellektual mulk agentligiga ariza berilgan.
Matbuot anjumanida mutaxassislar tomonidan sohani rivojlantirish borasida xalqaro tashkilotlar bilan olib borilayotgan hamkorlikning natijalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
– 2019 yilda ko‘plab xalqaro tashkilotlar, Rossiya, Belarus, Xitoy va Ozarbayjon kabi davlatlarning sabzavotchilikka ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlari bilan turli yo‘nalishlarda memorandumlar imzolandi, – deydi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Rustam Nizomov. – Olimlarimizning malakasini oshirish borasida tizimli ishlar qilindi. Jahon banki mablag‘lari hisobidan joriy yilda institut laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’mirlash ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, sabzavotchilikni rivojlantirish borasida ishlab chiqilgan texnologiyalarimiz xorijlik mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Jumladan, kartoshka, bodring, tarvuz yetishtirishda mineral o‘g‘itlarni belgilangan me’yorlarda qo‘llash, pomidorni payvandlash, takroriy ekin sifatida shirin qalampir va piyozni ko‘chat orqali yetishtirish texnologiyalari amaliyotga joriy qilinmoqda.
Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.