Sabrli va mehnatkash odamlarning ishida baraka boʻladi
Prezidentimizning joriy yil 13-oktyabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi chogʻida mazkur hududlarda barpo etilgan koʻp qavatli uylardan foydalanish, ularni doim soz holatda saqlash boʻyicha aholi oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlarini tizimli tashkil etish vazifasi belgilab berilgan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov ishtirokida Sardoba tumanida ushbu topshiriq ijrosi yuzasidan tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi yigʻilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, jamoat tashkilotlari masʼullari, viloyat faollari va jurnalistlar ishtirok etdi.

Yigʻilishda yangi uylarni taqsimlash va aholining ushbu uylarga koʻchib oʻtishini tashkil etish, mazkur hududlarda “Xavfsiz mahalla” tizimini joriy etish, hudud aholisi bandligini taʼminlash boʻyicha kichik ishchi guruhlar tuzilib, mazkur masalalar atroflicha muhokama etildi. Maʼlumki, joriy yilning 1-may kuni “Sardoba” suv omborida yuzaga kelgan toshqin oqibatida Sirdaryo viloyatining Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridan 89 ming 450 nafar aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan edi.
Hozirga qadar ularning 90 foizga yaqini uylariga qaytarildi. Qolgan aholi evakuatsiya davrida koʻchirilgan hududlarda vaqtincha yashamoqda. Maʼlumotlarga koʻra, ularga hududda qurilayotgan koʻp qavatli turar joylardan xonadonlar ajratilgan.

Ishchi guruhlar tomonidan talafot koʻrgan hududlarda olib borilgan oʻrganishda 4 ming 710 ta xonadonga zarar yetgani, jumladan, 2 ming 211 tasi yaroqsiz, 2 ming 499 tasi esa taʼmirtalab holatda ekani aniqlangandi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan zarar koʻrgan hududlarni qisqa muddatda taʼmirlab, aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar tomonidan taʼmirlash ishlariga 170 ga yaqin texnika, 670 dan ortiq pudratchi korxona va 2 ming 500 nafarga yaqin quruvchi-mutaxassis jalb qilindi.

Shinam va qulay turar joylar
Yigʻilishda mutaxassislar tomonidan Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi talafot yetgan xonadonlarni yangi qurilgan koʻp qavatli uylarga joylashtirish rejasi taqdimoti oʻtkazildi.
Yangi uylar odamlarga begʻaraz taqdim etiladi. Turar joy binolarini oʻz egalariga taqsimlash jarayoni shaffof tarzda amalga oshiriladi. Bu borada har bir mahalla guzarida yangi uy oluvchilar haqida maʼlumotlar eʼlon qilingan.

– Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, hech kim uysiz qolmaydi, ishchi guruh tomonidan yangi uylarni taqsimlashda fuqarolarning hujjatlari oʻrganib chiqildi, – dedi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri, Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlarida barpo etilgan koʻp qavatli uylarga koʻchib kirish va foydalanishni tizimli tashkil etish boʻyicha ishchi guruh rahbari Rahmat Mamatov.
– “Yangi Oʻzbekiston”, “Navbahor” va “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻinlarida barpo etilgan koʻp qavatli uylarda jami 2 ming 640 ta xonadon bor. Dastlab jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarga birinchi va ikkinchi qavatdan uy-joylar ajratiladi. Mazkur hududlarda ular jami 75 nafarni tashkil etadi. Qolganlar nechanchi qavatdan xonadon olishi qurʼa tashlash yoʻli orqali aniqlanadi. Hozir uy-joy olish boʻyicha 1 ming 500 dan ortiq yigʻma jild tayyor. Mingdan ortiq hujjatda kamchiliklar bor. Tez kunlarda ularning hujjatlari ham toʻliq shakllantiriladi. Fuqarolar uylarga koʻchib kirishidan oldin ular bilan suhbatlar oʻtkaziladi. Bunda asosan hududda noqonuniy qurilmalar qurmaslik, kommunal xizmatlar uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirish, umumiy foydalaniladigan yoʻlaklar, uylar atrofini ozoda saqlash borasida tushuntirish beriladi.

Maʼlumki, tabiiy va texnogen ofatlar natijasida yetkazilgan zarar jahonning koʻplab davlatlarida hamisha ham qoplanmaydi. Sirdaryo viloyatining mazkur hududlarida pandemiya sharoiti boʻlishiga qaramay qisqa vaqtda sifatli va shinam koʻp qavatli turar joylar qurildi. Jumladan, Doʻstlik mahallasida qisqa vaqt ichida 37 ta 5 qavatli uy-joy qad rostladi. 34 gektar maydonda barpo etilgan ushbu shaharchadagi koʻp qavatli uylarda jami 1 ming 480 xonadon mavjud.
Binolar asosan quyma temir-beton texnologiyasi asosida qurilgan boʻlib, bu zilzilaga oʻta bardoshli hisoblanadi. Energiya tejamkor panellardan foydalanilgan. Panellarning afzalligi shundaki, xonadonlar qishda issiq, yozda salqin boʻladi. Bino qurilishida ishlatilgan materiallarning deyarli barchasi mahalliy mahsulotlardir. Binoda elektr energiya, tabiiy gaz, ichimlik va oqova suv taʼminoti mavjud. Hududda 1 ta mahalla guzari, 7 ta bolalar maydonchasi bor. Kuzatuv kameralari oʻrnatilgan.

Shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston” MFYda 800 xonadondan iborat 40 ta 5 qavatli uy qurildi. Buning uchun mahalla hududidan qariyb 12 gektar yer maydoni ajratilib, koʻp qavatli uylar “White city construction” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan qisqa fursatlarda barpo etildi. Hududda mahalla guzari, “Yangi avlod” maktabgacha taʼlim tashkiloti, 6 ta bolalar maydonchasi, yoʻl qoidasi oʻquv maydonchasi, novvoyxona, sartaroshxona va kutubxona bor.
Taʼkidlash kerakki, binolarning yertoʻlasida har bir oila uchun 15 kvadrat metrdan alohida xona tashkil etilgan boʻlib, undan xonadon egalari omborxona sifatida foydalanishi mumkin. “Yangi Oʻzbekiston”, “Navbahor” va “Doʻstlik” mahallalaridagi barcha xonadon tayyor holda toshqindan jabrlangan oilalarga bepul topshiriladi.

Xorijiy tillar va axborot texnologiyalari fanlari chuqurlashtirilgan holda oʻrgatiladi
Yuqorida taʼkidlanganidek, hududda nafaqat koʻp qavatli uylar, balki ijtimoiy obyektlar ham qurilmoqda, zarar koʻrgan binolar taʼmirlanmoqda.
Sardoba tumanidagi Doʻstlik mahallasida 275 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti va 660 oʻrinli umumtaʼlim maktabi binosi bunyod etilmoqda. Davlat xizmatlari agentligi tomonidan fuqarolarning yoʻqolgan va zarar koʻrgan jami 8 ming 239 ta hujjati qayta tiklab berildi. Albatta, bu saʼy-harakatlar bejiz emas. Maqsad joylarda aholi farovonligini taʼminlash, yoshlarga zamonaviy qulayliklar yaratishdir.

Maktabgacha taʼlim vaziri oʻrinbosari Shodiyor Mamatqulovning maʼlum qilishicha, Sirdaryo viloyatida suv toshqinidan 10 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti talafot koʻrgan. Bugungi kunda ularning barchasi taʼmirlanmoqda. Avvallari bu hududlarda aholi tarqoq joylashgan edi. Yangi turar joylar qurilishi, mavjud maktabgacha taʼlim tashkilotlari qayta taʼmirlanishi jarayonida bolalarni qabul qilish soni oshirildi. Xususan, Sardoba tumanidagi 5- va 10-MTT toʻliq taʼmirdan chiqarilib, qayta jihozlandi. Ular joriy yilning 1-noyabridan oʻz faoliyatini boshlaydi. Shu bilan birga “Doʻstlik” MFYda 275 oʻrinli yangi MTT qurilmoqda. U 1-dekabrgacha ishga tushiriladi.
– Rostini aytgada, bu hududdagi maktablarning ahvoli ogʻir edi, – deydi xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov. – 10 yillab joriy taʼmirlanmagan maktablar bor. Suv toshqinidan soʻng hududdagi 17 ta maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi. Shuningdek, bitta yangi maktab qurildi va yana bir maktabda qoʻshimcha bino qad rostladi, ularning barchasi zamon talablari asosida toʻliq jihozlandi. Endilikda bu maktablarda taʼlim sifatini oshirishga eʼtibor berilmoqda. Oʻquvchilarga xorijiy tillar va axborot texnologiyalari fanlari chuqurlashtirilgan holda oʻrgatiladi.

10 mingdan ortiq aholi ishga joylashadi
Mazkur hududlardagi yangi uy-joylar atrofida ijtimoiy soha obyektlari, ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilib, yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda.
– Respublika ishchi guruhi tomonidan ishsiz qolgan aholi bandligini taʼminlash bilan ham shugʻullanilmoqda, – deydi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlarida barpo etilgan koʻp qavatli va qayta tiklangan uy-joylarda istiqomat qiluvchi aholini doimiy ish bilan taʼminlash boʻyicha ishchi guruh rahbari Nozim Husanov. – Dastlab mazkur tumanlardagi mehnatga layoqatli ishsiz 5 mingdan ortiq aholining roʻyxati shakllantirildi. Oʻtgan vaqt davomida ular turli mavsumiy va vaqtinchalik ishlarga jalb etildi. Ular uchun bunyod etilgan uy-joylar, yangi ishlab chiqarish tarmoqlari barpo etilganidan keyin bandlikni taʼminlash masalasiga yana-da tizimli tarzda eʼtibor qaratildi. Hozir har bir tumandagi ish soʻrab kelgan fuqarolar mehnat salohiyatidan kelib chiqib, yangi kasblarga yoʻnaltirilmoqda. 2020-2021-yillarda 3 ming 328 ta loyiha ishga tushirilishi tufayli hududning 10 mingdan ortiq aholisi ishga joylashadi.

Tadbirkorlar bilan ishlab, fuqarolarga yangi ish oʻrinlarini taklif qilish borasida kelishuvlarni amalga oshiryapmiz. Xususan, Mirzaobod tumanining “Haqiqat” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan “Nuroniylar maskani” negizida Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi tomonidan 1,7 milliard soʻm mablagʻ hisobiga qurilayotgan “Yoshlar mehnat guzari”ni yil yakuniga qadar ishga tushiramiz. Natijada tikuvchilik, maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, buxgalteriya va kompyuter savodxonligi kabi yoʻnalishlarda 400 nafar ishsiz fuqaro qisqa muddatli kasb-hunarlarga oʻqitilib, ularning bandligi taʼminlanadi.
Sabrli va mehnatkash Sirdaryo ahlining yangi hayotdan umidi katta. Goʻzal va shinam uy-joylar, koʻrkam mavzelar va ijtimoiy soha obyektlarini koʻrgan kishining zavqi oshadi. Oilasidan xotirjam insonlarning ishida doimo baraka boʻladi. Bunyodkor xalqimiz sinovli kunlarda bir-birini qoʻllab, yeng shimarib qilgan mehnatiga dunyo havas qilsa arziydi. Eʼtiroflar esa koʻrsatilgan matonat, tinimsiz mehnat va yangicha tashabbuslar ortidan keladi.