Sablyachi qizlarimiz shohsupa to‘rida
Bahraynning Manama shahrida yoshlar o‘rtasida o‘tayotgan qilichbozlik bo‘yicha Osiyo chempionatining sablya yo‘nalishida O‘zbekiston terma jamoasi oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning jamoaviy bahslarida Guliston Perdiboyeva, Samira Shakirova, Fernanda Errera, Nargiza Jaksiboyevadan tashkil topgan terma jamoamiz barcha raqiblarini yengib, shohsupa to‘ridan joy oldi.

Eslatib o‘tamiz, qit’a birinchiligida 14ta davlat jamoalari ishtirok etdi. Musobaqaning kumush medali Gonkong, bronza esa Qozog‘iston va Janubiy Koreya termasiga nasib etdi.
Shuningdek, shpaga qurolidagi bahslarda Dilnaz Murtazayeva, Shaxzoda Egamberdiyeva, Aziza Hamidova, Sanam Nazarovadan tashkil topgan jamoamiz bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA