Ruhiy trening tashkil etildi
Harbiy xizmat yuksak jismoniy tayyorgarlik bilan bir qatorda mustahkam iroda, ruhiy barqarorlik va har qanday vaziyatda oqilona qaror qabul qilish qobiliyatini ham talab etadi. Shu bois harbiy xizmatchilarning psixologik tayyorgarligini mustahkamlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda Oqoltin tumani hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari Shoira Qarshiboyeva tashabbusi bilan Oqoltin tumanida joylashgan harbiy qismda xizmat burchini o‘tayotgan harbiy xizmatchilar uchun psixologik seminar va amaliy mahorat treningi tashkil etildi.
Trening davomida stress va ruhiy bosimni yengish usullari, hissiy barqarorlikni saqlash, xizmat jarayonida yuzaga keladigan murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri psixologik yondashuvni shakllantirish, jamoada o‘zaro ishonch va hamjihatlik muhitini mustahkamlash kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi.
Interaktiv mashg‘ulotlar, psixologik testlar va amaliy topshiriqlar asosida tashkil etilgan seminar harbiy xizmatchilarning faol ishtiroki bilan o‘tdi. Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar mutaxassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, fikr va tajribalarini erkin almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

— Harbiy xizmatchilarning yuksak jangovar tayyorgarligi, avvalo, ularning mustahkam ruhiy holati bilan chambarchas bog‘liq. Bugungi treningdan ko‘zlangan asosiy maqsad harbiy xizmatchilarning psixologik barqarorligini mustahkamlash, stressli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish, jamoada o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada kuchaytirishdan iborat. Bunday uchrashuvlar harbiy xizmatchilarning nafaqat xizmat samaradorligini oshirishga, balki ularning ma’naviy-ruhiy qo‘llab-quvvatlanishiga, Vatan himoyasiga bo‘lgan mas’uliyat hissini yanada yuksaltirishga ham xizmat qiladi, — deydi Oqoltin tumani hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari Shoira Qarshiboyeva.

Tadbir yakunida ishtirokchilar bunday amaliy mashg‘ulotlar xizmat faoliyati davomida uchraydigan turli ruhiy holatlarni yengish, o‘zini boshqarish va jamoada sog‘lom psixologik muhitni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
Mazkur seminar harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ruhiy salohiyatini yuksaltirish, ularning psixologik barqarorligini mustahkamlash hamda Vatan himoyasi yo‘lidagi mas’uliyat hissini yanada kuchaytirishga qaratilgan amaliy tadbirlardan biri bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri