Rossiyada Musulmonlar idorasining ikki muftiysi qo‘lga olindi
Kongo Demokratik Respublikasida Ebola bilan kasallanganlar davolanayotgan shifoxonaning bir qismi yoqib yuborildi. Rossiyada musulmonlar diniy idorasining ikki vakili qo‘lga olindi. Lukashenko esa Zelenskiy bilan Ukraina yoki Belarus hududida uchrashishga tayyorligini bildirdi. Asosiy xabarlardan avval videoga like bosish va kanalimizga obuna bo‘lishni unutmang. Izohlarda fikrlaringizni kutamiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/hUObbifBvcQ" title="Rossiyada Musulmonlar idorasining ikki muftiysi qo`lga olindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kongo Demokratik Respublikasida Ebola bilan kasallangan bemorlar davolanayotgan shifoxonaning bir qismi yoqib yuborildi. Hodisa bemorning jasadi topshirilmagani ortidan kelib chiqqan norozilik sabab yuz bergani aytilmoqda. Tartibsizlik vaqtida izolyatsiya chodirlari yonib ketgan, biroq bemorlar keyinchalik topilib, davolanishni davom ettirayotgani ma’lum qilingan.
Rossiyada musulmonlar diniy idorasining ikki vakili qo‘lga olindi. Ulardan biriga nisbatan jinoyat ishi ochilgan, ikkinchisi ma’muriy tartibda ushlangan. Ayrim diniy idora vakillari bo‘yicha yana qo‘lga olish holatlari borligi aytilmoqda, biroq bu ma’lumotlar rasman tasdiqlanmagan.
G‘azo bo‘yicha 15 bandlik tinchlik rejasi taqdim etildi. Unda hududni vaqtinchalik fuqarolik boshqaruvi orqali boshqarish, qurolli guruhlarni chetlatish, bosqichma-bosqich qurolsizlanish va xalqaro nazorat ostida xavfsizlikni ta’minlash kabi bandlar kiritilgan.
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan istalgan joyda uchrashishga tayyorligini bildirdi. U urushga aralashish niyati yo‘qligini ham qayd etib, tomonlar muammolarini muzokara orqali muhokama qilishga chaqirdi.
Yevropa Ittifoqida migrantlar siyosatini qat’iylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Yangi tartibga ko‘ra, boshpana huquqi rad etilgan migrantlar uchinchi davlatlardagi maxsus markazlarga yuborilishi mumkin.
Ukraina dronlari Rossiyaning NORSI neft zavodiga zarba berdi. Hujumdan so‘ng zavod ishlab chiqarish quvvatining katta qismini vaqtincha to‘xtatgan. Korxona Rossiyada neftni qayta ishlash bo‘yicha eng yiriklaridan biri hisoblanadi.
Nozimjon Mardonov, O‘zA.