Rossiya Britaniyani Ukrainaga dron yetkazib berishda aybladi(+video)
Rossiya Britaniyani «Ukrainadagi inqirozni ataylab keskinlashtirish yo‘lini tanlayotganlikda» aybladi. Bunga Britaniyada ishlab chiqarilgan dronlar Rossiya hududidagi ob’ektlarga zarba berishda qo‘llangani sabab bo‘ldi, deb xabar qildi VVS nashri
«Buyuk Britaniya shu tariqa qonli jinoyatlar va terrorchilik harakatlariga sherik bo‘lib qolmoqda», — deyiladi Rossiyaning Britaniyadagi elchixonasi tomonidan tarqatilgan bayonotda.
«Londonning bu harakatlari albatta o‘ziga yarasha oqibatlarga olib keladi va Britaniya buning uchun javob berishga majbur bo‘ladi», — deya ta’kidlangan diplomatik vakolatxona bayonotida.
Shuningdek, bayonotda Britaniyaning mojaroga jalb etilishi qanchalik chuqurlashsa, u to‘laydigan narx ham shunchalik yuqori bo‘ladi, deyilgan.
Bunga javoban Britaniya Mudofaa vazirligi vakili Bi-bi-siga London Ukraina bilan yelkama-yelka turganini ma’lum qilgan. Vazirlik bayonotida aytilishicha, Britaniya Ukrainaga Putinning noqonuniy bosqinidan himoyalanishi uchun zarur bo‘lgan jihozlarni yetkazib berishga qat’iy qaror qilgan.
Gap Britaniya kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan dronlar haqida ketmoqda. Ular Rossiya hududida harbiy va sanoat ob’ektlariga, jumladan, neftni qayta ishlash zavodlari hamda onlayn savdo kompaniyasi omborlariga ko‘plab zarbalar berishda qo‘llanilgan. Harbiy manba Bi-bi-siga ushbu hujumlarda Britaniyada ishlab chiqarilgan dronlar qo‘llanganini tasdiqlagan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, bu hujumlar natijasida iqtisodiy zarar 35 milliard funt sterlingdan ortiq bo‘lgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova Rossiya hududiga, jumladan, Rostov viloyatidagi neft bazasiga qilingan hujumlarda tuzilishida Britaniya komponentlari va texnologiyalaridan foydalanilgan dronlar qo‘llanganini aytgan.
Aprel oyida Britaniya Mudofaa vazirligi Ukrainaga o‘n minglab dronlar, jumladan, uzoq masofaga zarba bera oladigan dronlarni yetkazib berishini ma’lum qilgan edi.
<iframe width="1431" height="805" src="https://www.youtube.com/embed/xpE6wmxPS_Q" title="Rossiya Britaniyani Ukrainaga dron yetkazib berishda aybladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov, O‘zA