Romitanlik paxtakorlar Buxoroda birinchi
Romitan tumani klaster va fermerlari 2023 yil uchun yetishtirilgan paxta xomashyosi shartnomaviy rejasini viloyatda birinchi bo‘lib bajardi.
Bunday ulkan mehnat zafari zamirida Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Buxoroda ham qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilishga katta e’tibor qaratilayotgani, dehqonlarimizning fidokorona mehnati, ko‘p yillik tajribasi, paxta yig‘im-terimini uyushqoqlik bilan tashkil etish borasida amalga oshirilgan ishlar muhim omil bo‘lib xizmat qildi.
Joriy yil tumanda jami 259 ta fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 10 ming 650 gektardan ziyod maydonda sanoat uchun qimmatbaho xom ashyo yetishtirildi. Agar 2022 yilda mirishkorlar yalpi xirmoni 40 ming 900 tonnani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 42 ming 183 tonnadan oshdi. Yetishtirilgan hosilni o‘z vaqtida va sifatli yig‘ishtirib olish uchun mavsum boshidan 275 ta terim otryadi shakllantirilib, ular tarkibiga 18 mingdan oshiq ko‘ngilli terimchi jalb etildi.
Mirishkor dehqonlarning uzoq yillik faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi qo‘l kelib, bugun yuksak xirmon barpo qilindi.
Qimmatbaho sanoat xomashyosini yig‘ishtirib olishda viloyatdagi yetakchi klaster – “BCT cluster” jamoasining munosib hissasi bor. Qolaversa, “Qo‘rg‘on”, “Yangiobod”, “Xalqobod”, “Zarafshon”, “Chelong‘u”, “F.Qurbonov” kabi 15 ta hududda faoliyat ko‘rsatayotgan fermer xo‘jaliklari ulkan xirmonga katta ulush qo‘shdi. Jumladan, “Kozim bobo”, “Xalqobod fayz zamini”, “Baraka bobo”, “Hamroobod”, “Akram”, “Navobod”, “Urganchiyonlik Haydar ota”, “Aliyor”, “Yangiobod 2”, “Safarobod 98”, “Maqsudbek Diyorbek”, “Sunnat”, “Shodi” kabi o‘nlab fermer xo‘jaliklarida har gektar hosildorligi 45 sentnerdan oshdi. Hududda hali birinchi terim davom etmoqda. Tumanda paxtachilikda ilm-fan va innovatsiyalarga asoslangan holda hosildorlikni oshirish bo‘yicha olib borilgan sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda.
Mavsum davomida ilg‘or terimchi va otryad rahbarlarining rag‘batlantirib borilgani ham muvaffaqiyatga omil bo‘ldi.
Tuman dalalaridan qabul maskanlariga har kuni o‘rtacha 1 ming 200 tonna atrofida “oq oltin” yetkazib berildi. Terimchilarga hozirga qadar “Agrobank” tuman filiali tomonidan 65 milliard 383 million so‘mdan ziyod mablag‘ tarqatildi.
Buxoro viloyatida 2023 yilgi “oq oltin” xirmonini yig‘ib-terib olish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.