Romitanlik g‘allakorlarning yuzi yorug‘ bo‘ldi
Buxoro viloyati Romitan tumanida 2023 yil hosili uchun 251 fermer xo‘jaliklari tomonidan 5980 gektar maydonda boshoqli don parvarishlanib, davlatga 12 ming 830 tonna g‘alla topshirish rejalashtirgan.
Agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli olib borilishi, g‘allani qisqa muddatda yig‘ib olish maqsadida tegishli otryadlar tuzilib, zarur texnikalar bilan ta’minlanishi o‘z samarasini berdi.
O‘rim-yig‘im jarayonini uyushqoqlik bilan tashkil qilgan romitanlik g‘allakorlar davlatga qariyb 13 ming tonna tovar don topshirib, shartnomaviy rejani 100,1 foizga bajardi.
Tumandagi “BCT Cluster Agrokompleks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 2023 yil hosili uchun 1850 gektar maydonga g‘alla ekilib, 5057 tonna davlatga g‘alla topshirish rejalashtirilgan. “BCT Cluster Agrokompleks” mas’uliyati cheklangan jamiyati g‘allakorlari ham g‘alla topshirish rejasini ortig‘i bilan bajardi. Tumanda o‘rim-yig‘imga alohida hozirlik ko‘rilib, barcha yumushlar uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Mavjud g‘alla maydonlari mavsumga puxta tayyorlanib, 24 otryadlar tashkil etildi. Ularga 24 yuqori unumli don o‘rish kombaynlari, 150 don tashish yuk avtomobillari, shuningdek, 3 ko‘chma ustaxonalar hamda 6 yoqilg‘i tarqatish agregatlari biriktirildi.
Tumandagi “Sharif”, “Sidiqbobo”, “Hakim Botir Bafo”, “Alisher Jo‘ra Mehriddin”, “Tilav Nazar”, “Samexbobo”, “Nasimbek”, “Jo‘ra Jalol Jahongir”, “Nekkamol”, “Navobod”, “Ro‘zijo‘ra”, “Nasriddin Farangiz”, “Sarvar”, “Zoyirjon Zohidjon Omad”, “Azim Ziyo”, “Safarobod-98”, “Aliyor”, “Hoji bobo-2000” fermer xo‘jaliklari 60-75 sentnerdan bug‘doy o‘rib, yuqori hosildorlikka erishdi.
Xususan, “Zafarobod – 2000”, “Kozimbobo”, “Olim Hidoy zamini”, “Safarobod”, “Akram”, “Ko‘hna Buxoro”, “To‘ra Jo‘ra Umar”, “Asad Polvon”, “Yangiobod - 2” fermer xo‘jaliklarida 75-85 sentnerdan hosil olib, tuman xirmoniga munosib hissa qo‘shdi.
Tuman g‘allachiligidagi bu muvaffaqiyat qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarning jadallashganligi, klaster faoliyatining yo‘lga qo‘yilganligi, fermerlarning moddiy manfaatdorligi, yerga, mulkka egalik hissining oshganligi, zamonaviy usullarning izchillik bilan joriy etilganligi samarasidir.
Zarif Komilov,
O‘zA