Rio – 2016: bugun ikki nafar bokschimiz ringga chiqadi
Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida davom etayotgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida davom etayotgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.Vazni 64 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi bahslarda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Fazliddin G‘oyibnazarov chorak finalda AQSh vakili Garri Rassel bilan kuch sinashdi. Keskin o‘tgan bahslarda o‘zining ishonchli himoyasi va tezkorligi bilan raqibidan ajralib turgan Fazliddin 2:1 hisobida g‘alaba qozondi va yarim finalda rossiyalik Vitaliy Dunaytsevga qarshi ringga ko‘tariladigan bo‘ldi.
Vazni 56 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida ringga chiqqan sportchimiz Murodjon Ahmadaliyev esa chorak finalda argentinalik Alberto Melianni birinchi raundda nokautga uchratib, medallar uchun bahsni davom ettiradigan bo‘ldi. Endi u yarim finalda kubalik Robeysi Ramirez bilan kuch sinashadi.
Bugun Olimpiadaning boks bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan bellashuvlarida ikki nafar sportchimiz ringga chiqadi.
Shahram G‘iyosov 69 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida qozog‘istonlik Daniyar Yeleusinov bilan Olimpiada oltin medali uchun kuch sinashadi. Vazni 52 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida qatnashayotgan Shahobiddin Zoirov esa yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun ozarbayjonlik Elvin Mamishzoda bilan ringga chiqadi.