Rikardu Koshta: Ronaldu tanqid qilinishi adolatdan emas
Odamlar ba’zan juda yengil fikr bildirishadi.
Portugaliya terma jamoasining sobiq himoyachisi Rikardu Koshta jamoa sardori Krishtianu Ronalduga nisbatan yangrayotgan tanqidlarni nohaq deb baholadi.Jahon chempionati–2026ning birinchi turida Portugaliya DR Kongo bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Uchrashuvda 41 yoshli Ronaldu gol yoki assist qayd eta olmadi.
“Odamlar ba’zan juda yengil fikr bildirishadi. Agar Krishtianu o‘sha ikki imkoniyatdan foydalanganida, bugun uni qahramon deb atashardi. Biz futbol tarixidagi eng buyuk o‘yinchilardan biri haqida gapiryapmiz. Har qanday futbolchi kabi uning ham omadsiz kuni bo‘lishi mumkin. Uning futbol va Portugaliya uchun qilgan ishlarini hurmat qilishimiz kerak”, - dedi Koshta.
“K” guruhining ikkinchi turida Portugaliya terma jamoasi 23-iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Uchinchi turda esa portugallar Kolumbiya milliy terma jamoasi bilan kuch sinashadi.