Reyting baholash elektron tizimi joriy etilmoqda
Tibbiyot sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish muhim vazifalardan sanaladi. Shu bois korrupsiyaviy omillarni keltirib chiqarayotgan muammolarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Farg‘ona viloyatida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, shaffof, korrupsiyadan holi tizim yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olingan. Shunday bo‘lsa-da, ba’zi hollarda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati qoniqarsizligi, tibbiyot xodimlarining muomala madaniyati va boshqa masalalar bo‘yicha aholi tomonidan e’tirozlar bildirilayotganligi kuzatilmoqda.
Xo‘sh, bu kabi masalalarga qanday yechim topish kerak? Albatta, tizimga raqamlashtirishni joriy etish katta samara beradi.
Prezidentimizning 2020 yil 5 oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston - 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va viloyat hokimining tegishli topshiriqlariga asosan, tibbiyot xodimlarining ish samaradorligini oshirish hamda faoliyatini reyting baholash maqsadida "MedKPI" elektron tizimi ishlab chiqildi.

Mazkur tizim sinov tariqasida Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon shaharlari, Beshariq tumani tug‘ruq komplekslari hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy amaliy tibbiyot markazi viloyat filialida joriy etilmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy amaliy tibbiyot markazi viloyat filialida sinov tariqasida ishga tushirilgan tibbiyot xodimlarini reyting baholash "Medical KPI" elektron tizimi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi huzuridagi elektron hokimiyatni rivojlantirish markazi direktori Sirojiddin Mahmudov ushbu tizim imkoniyatlari, qulayliklari, kutilayotgan natijalar haqida batafsil tanishtirdi.

–Ushbu tizim tibbiyot xodimlarining bemorlarga bo‘lgan munosabati, e’tiborini namoyon qilishda muhim rol o‘ynaydi, –deydi S.Mahmudov. –Ya’ni muassasada davolanayotgan bemorga qarayotgan shifokorlardan tortib farroshlargacha baholanadi. Tizim asosida tibbiyot xodimlarining ishga kelish-ketishlari grafik asosida nazoratga olinadi. Xodimlarga biriktirilgan bemorlarning davolanib chiqib ketishi davomida onlayn so‘rovnoma o‘tkazish orqali baholashga erishiladi.
Bu viloyat bo‘yicha to‘liq joriy etilgandan keyin tibbiyot sohasida faoliyat olib borayotgan har bir xodim qanday salohiyatga ega ekanligi bemorlarning baholashi orqali aniqlab olinadi. Bemorlar tibbiyot xodimlarini past baholagan holatlarda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga bu jarayonni o‘rganish imkoniyati yaratib beriladi.Asosiy maqsad davolanayotgan bemorlarga tibbiyot xodimlari tomonidan chiroyli muomala qilinib, xizmat ko‘rsatishini ta’minlab berishdir.
Tizimning shaffofligi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratilganidir. Tibbiyot muassasalarining har bir qavatida kuzatuv kameralari o‘rnatilgan, ular orqali viloyatdagi tibbiyot muassasalarini baholanish jarayonini boshqarma orqali kuzatish mumkin. Bundan chiqadiki, bemorlar o‘zlarining fikrlarini to‘laqonli ifoda etishi mumkin.

Xodimlar ish joyida bo‘lmagan holatda sun’iy intellekt orqali aktivligi ko‘rib chiqiladi. Ish joyida bo‘lmasa, bemorlarning baholaridan avtomatik ravishda sun’iy intellekt yordamida qisqartirish yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni bemordan iltimos qilib, yuqori baho qo‘yishga chorlagan taqdirda ham tizim ko‘rib chiqadi, bemor davolanayotgan jarayonda xodim ish joyida bo‘lmagani aniqlanib, bahosi pasaytirilishiga erishiladi. Bu orqali shaffoflik ta’minlanadi.
Tizimga tibbiyot xodimlari tomonidan o‘zgartirishlar kiritish imkoniyati mavjud emas, barcha jarayonlar to‘liq himoyalangan.
Bemorlar shifokorlarni har bir baholash bandlarida korrupsiya holatlari bo‘yicha ham xabar berishlari mumkin bo‘ladi. Agar bemorlar tomonidan biror tibbiyot xodimiga korrupsiya holatlari bor, degan ehtimol ko‘payib ketsa, u xodim alohida nazoratga olinadi.

Tizimning dasturiy ta’minoti to‘laqonli ishlab chiqilgan. Tanlab olingan 5 ta muassasa uchun qurilmalar xarid qilinib, dastlabki 2 ta muassasa uchun xarid qilingan jihozlar o‘rnatildi. Qolganlarida esa jihozlash va o‘rnatish jarayonlari davom etmoqda. 5 ta muassasada sinov tariqasida ishga tushirilib, kutilgan natija bergandan so‘ng viloyatdagi barcha tibbiyot muassasalariga tatbiq qilinadi.
Taqdimotda tizim bilan ishlash tartiblari, talablari tibbiyot xodimlariga ham alohida tushuntirildi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri