Respublikachilar Trampga haqiqatni aytish vaqti kelganini aytmoqda (+video)
AQSH prezidenti Donald Tramp yaqin kunlarda o‘z partiyadoshlari, ya’ni Senatdagi respublikachi senatorlar bilan muhim uchrashuv o‘tkazadi. Ayrim senatorlar bu uchrashuvda prezident bilan ochiqchasiga gaplashishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Politico nashri.
Chorshanba kuni AQSH prezidenti respublikachi senatorlar bilan tushlik uchrashuvida qatnashadi. Unda u o‘zining asosiy siyosiy tashabbusi hisoblangan “Amerikani saqlab qolish to‘g‘risidagi qonun”ni qo‘llab-quvvatlashga chaqirishi kutilmoqda. Bu qonunning asosiy maqsadi federal saylovlarda faqat AQSH fuqarolari ovoz berishini ta’minlash deb ko‘rsatilgan. Maqsad, saylovchilar ro‘yxatidan fuqaro bo‘lmagan shaxslarni aniqlash va ularni chiqarib tashlash majburiyatini yuklashdir.
Biroq bir qator respublikachi senatorlar bu qonun loyihasi qabul qilinishi uchun zarur ovozlar yig‘ilmaganini ta’kidlamoqda. Masalan, Senatda uzoq yillar ishlagan senator Jon Kornin qonunni qabul qilish uchun ovozlar yetarli emasligini aytmoqda.
Bu uchrashuv respublikachilar orasidagi qarama-qarshiliklar kuchaygan bir paytda bo‘lib o‘tmoqda. Senatorlar Trampning saylov qonuniga ortiqcha e’tibor qaratayotganidan, ba’zi tashqi siyosiy qarorlaridan va tez-tez o‘zgaruvchan pozitsiyasidan norozi.
Senatdagi respublikachilar yetakchisi Jon Tuna ham qonun loyihasi uchun ovozlar yetarli emasligini tan olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunni qabul qilish uchun zarur qo‘llab-quvvatlash yo‘q.
So‘nggi sinov ovoz berish jarayonida qonun loyihasi atigi 48 ta ovoz to‘pladi. Bu esa Senatda to‘siqlarni yengib o‘tish uchun talab qilinadigan 60 ovozdan ancha kam. Bu esa Tramp tashabbuskori bo‘lgan qonunning qabul qilinishini yo‘qqa chiqaradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4ZdE8z-QdHc" title="Respublikachilar Trampga haqiqatni aytish vaqti kelganini aytmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA