Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi faollarining MUROJAATI
Hurmatli yurtdoshlar!
Muhtaram otaxon va onaxonlar!
Qadrli yoshlar!
Ma’lumki, bugun davlatimiz, barcha fuqarolarimiz koronavirus infeksiyasiga qarshi matonat bilan kurashmoqda. Shunga qaramasdan, mamlakatimizda koronavirus pandemiyasiga chalinayotganlar soni kun sayin ortib borayotgani biz, nuroniylarni jiddiy xavotirga solmoqda. Ushbu kasallikni qanday yengamiz, bu ko‘zga ko‘rinmas balodan yurtdoshlarimizni qanday himoya qilamiz, oila a’zolarimizni va farzandlarimizni qay yo‘sinda asraymiz, degan og‘riqli savollar barchamizning fikru xayolimizni band etgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Haqiqatan ham, bugun dunyo mamlakatlarida ham ahvol tang. Bir tomonda koronavirus balosi, bir tomonda oziq-ovqat tanqisligi, ishsizlik, kambag‘allik davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy, madaniy-ma’rifiy rivojlanishiga to‘siq bo‘lmoqda. Bir qator mamlakatlarda o‘lim darajasi ortib borayotgani sababli cheklovlar o‘rnatilgan bo‘lsa-da, bu kutilgan natijani bermayapti. Yer yuzida koronavirus infeksiyasi yetib bormagan hudud qolmadi, hisob.
Shunday qiyin va murakkab vaziyatda yurtimizda fuqarolarning farovon hayot kechirishini ta’minlash va salomatligini asrash eng ustuvor vazifa ekani qayd etilib, ularni ijtimoiy himoyalash, pandemiya davrida sog‘lig‘ini asrash davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylandi.
Darvoqe, yurtimizda eng birinchi koronavirusga chalingan fuqaro aniqlangach, ko‘pgina tashkilotlar pandemiya sharoitida masofadan turib ishlashga o‘tdi va ming shukrki, birdamlik, qat’iyat va jipslik nisbatan kamroq talafot ko‘rishimizga sabab bo‘ldi.
Albatta, xalqning ulug‘ligi uning jipsligida, muammoni birgalikda hal eta olishida yaqqol ko‘rinadi. Azaldan odamlar yov kelganida bir-biriga yelka tutishgan. Ayniqsa, eng murakkab sharoitlarda ular birlashgani uchun, bir yoqadan bosh chiqarib jipslashgani sababli yovga qarshi mardonavor turgan va g‘alabaga erishgan. Bizning ham maqsadimiz ushbu ko‘rinmas yovga qarshi kurashda yurtdoshlarimizni birlashishga undash va shu orqali koronavirusni yengishga qaratilgan.
Aziz ota-onalar!
bugungi kunda mamlakatimizda 34 milliondan ziyod aholi 9 milliondan ortiq oilalarda istiqomat qiladi. Bolajon xalqimizda oila a’zolari sog‘lig‘i va salomatligi, avvalo, oilaboshining zimmasidadir.
Har bir oila a’zosining salomatligi uchun aynan ota-onalar mas’uliyatli bo‘lishi, o‘zlarining va farzandlarining sog‘lig‘iga diqqat-e’tibor qaratishi shart!
Darhaqiqat, bugun yurtimiz bo‘ylab “Aholini emlash” jarayoni faol olib borilmoqda. Hatto chekka hududlargacha koronavirus infeksiyasiga qarshi aholini emlash tadbirlari tashkil etilgani ham ijtimoiy tarmoqlar, gazeta va jurnallarda, televideniye orqali aholi e’tiboriga havola etilmoqda. Vaksinaning o‘ziga xos tibbiy jihatlari, xususiyatlari xususida ma’lumotlar berilib, emlash koronavirusdan himoya qiluvchi eng yaxshi vosita ekani ta’kidlanmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mas’ullari ham faqatgina aholini emlash va jamoaviy immunitet hosil qilish orqali kasallikdan himoyalanish mumkin ekanini qayd etib, iqtisodi nochor mamlakatlarga ham imkon darajasida vaksina yetkazib berishni rejalashtirayotganini aytdi.
Prezidentimizning sa’y-harakati bilan dunyo mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonga vaksinalar olib kelingani aholi salomatligini saqlash borasida ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlikning yorqin dalilidir. Emlash bepul tashkil etilganini ham alohida ta’kidlash joiz. Qator davlatlarning vaksina sotib olishga qurbi va iqtisodiy imkoniyati yetmayotgan bir paytda yurtimizda bu borada yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatdan ko‘nglingiz tog‘dek ko‘tariladi. Sanoqli mamlakatlardagina aholi tekin emlanmoqda va bu ham uzundan-uzoq navbatga turish orqali amalga oshirilmoqda.
Afsuski, oramizda vaksina olish samarasiz ekanini aytib, turli xil mish-mish va uydirmalar tarqatayotganlar yo‘q emas. O‘zining mustaqil fikriga ega inson bunday noxolis safsatalarga ahamiyat bermaydi.
Bosh Qomusimizda ham har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega ekani, davlat fuqarolarning salomatligi borasida g‘amxo‘rlik qilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Qadrli yoshlar – o‘g‘il-qizlarimiz!
Xalqimiz azaldan yosh avlodga ertangi kun davomchisi, kuch-g‘ayrat va zavqu shavq egasi sifatida qaraydi. Zero, farzand sog‘lom va barkamol ulg‘aysa, bekamu ko‘st tarbiyalansa, ertangi kun fayzli va nurli bo‘ladi.
Aziz farzandlarimiz, biz, nuroniylar doimo sizlarning salomatligingiz haqida qayg‘uramiz, kelajagingiz yorug‘ bo‘lishini istaymiz! Sog‘ va salomat, tetik-bardam bo‘lishingiz tarafdorimiz! Ertaga mustaqil hayotga qadam қўйиб, yuksak orzular sari intilish uchun ham, birinchi navbatda, o‘zingizning salomatligingizga e’tiborli bo‘ling! Sog‘lom odamning fikri ham toza, niyati qat’iy va ulug‘ bo‘ladi.
Bugun yurtimiz bo‘ylab vaksina olishga doir aksiyalar o‘tkazilmoqda. Hatto vaksina olgan talabalar to‘lov-kontrakt chegirmalariga ega bo‘lishi, imtiyozlar belgilanishiga oid xabarlar tarqaldi. Bu, albatta, emlanish tadbirlarida Sizlarning faolligingizni yanada oshirishga qaratilgandir.
E’tibor bering, yoningizdagi do‘st yoki dugonangiz ham vaksina olganmi? Kunda-kunora ko‘rishib gaplashasizlar, demak, ularni ham ommaviy emlanishga jalb etish, sog‘lig‘i to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish, kerak bo‘lsa, birgalikda borib vaksina qabul qilish siz uchun ham, do‘stingiz uchun ham, oilangiz uchun ham foydalidir.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga qaraganda, bugungacha 5 million dozaga yaqin vaksina qo‘llanilib, kunlik o‘rtacha emlanish ko‘rsatkichi 130-140 ming dozani tashkil etmoqda. Albatta, bu yaxshi natija, ammo yetarli emas. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan aholida kasallikka qarshi jamoaviy immunitet shakllanishi uchun 60-70 foiz aholi emlangan bo‘lishi kerakligi aytilmoqda. Biz yurtimiz aholisining 60 foizini tashkil etadigan yoshlar vaksina olish jarayonida jur’atli, tez va qat’iy bo‘lishiga ishonamiz.
O‘ylaymizki, bu sa’y-harakatlar siz, yoshlarning sog‘liq-salomatligingizni мустаҳкамлашга xizmat qiladi.
Muhtaram otaxon va onaxonlar!
Aziz nuroniylar!
Sizlar doimo xonadonlarimiz, mahallalarimiz, yurtimizda o‘zaro hurmat va hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini yaratishda faol bo‘lib kelgansizlar. Nuroniylarning pandu nasihati, o‘gitlariga doim amal qilingan, aytgan so‘zlari hech qachon yerda qolmagan.
Demak, bugungi aholining emlanish jarayonida faol ishtirok etishida ham biz sizlarning ijtimoiy hayotimizdagi obro‘-e’tiboringizga suyanamiz, tayanamiz!
Yurtdoshlarimizning vaksina olishi xalqimiz manfaati uchun nihoyatda zarurdir. Bu jarayon qanchalik tez o‘tsa, shuncha yaxshi. Koronavirus pandemiyasi sharoitida aholining barcha qatlamlarini emlanishga chorlash, odamlarni hamjihatlik bilan yuksak mas’uliyatni his etgan holda vaksina olishga undashda jonbozlik ko‘rsatasiz, deb ishonamiz.
Xalqimiz azaldan og‘ir kunlarda nuroniylarning hayotiy tajribasiga suyangan, ularning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilgan va shu orqali mashaqqatlarni yengib o‘tishga erishgan.
Shunday ekan, har bir mahallada ko‘pni ko‘rgan kayvoni otaxon va onaxonlar bosh bo‘lib, aholi o‘rtasida emlanish jarayoni borasida faol tushuntirish, targ‘ibot ishlarini olib boraylik! Fuqarolarga vaksina olmaslikning salbiy oqibatlarini tushuntiraylik, uydirma va safsatalarga ishonmay, har bir kishining sog‘lig‘i nafaqat o‘zi uchun, balki atrofdagilar, jamiyat, qolaversa, davlat uchun muhim ekanini uqtiraylik!
Karantin qoidalariga amal qilmaslik, emlanish jarayonida qatnashmaslik singari salbiy omillarni bartaraf etishda hududlarda tashkil etilgan Nuroniylar jamoatchilik kengashi a’zolarining boy hayotiy tajribasidan samarali foydalanaylik. Shuningdek, odamlarda vaksina olish borasida to‘g‘ri tushunchani shakllantiraylik, ularni bu jarayonda kuzatuvchidan faol ishtirokchiga aylantiraylik!
Bir so‘z bilan aytganda, millat genofondini saqlash, aholining salomatligini mustahkamlash, sog‘lom millat va avlodni tarbiyalashda faol ishtirok etaylik!
Shundagina biz tarix oldidagi mas’uliyatimizni sharaf bilan bajargan bo‘lamiz.
Zero, bebaho boyligimiz hisoblangan sihat-salomatlik mustahkam bo‘lsa, oilalarimizda, yurtimizda tinchlik, xotirjamlik va farovonlik barqaror bo‘ladi.