Respublika ishchi guruhi Sirdaryoda
Aholini jinoyatchilik haqida xabardor qilish, huquqiy tarbiyani yo‘lga qo‘yishning samarali mexanizmini yaratish bo‘yicha Oliy sud, Adliya hamda Yoshlar va sport vazirliklari vakillaridan iborat respublika ishchi guruhi joriy yilning 22-24 avgust kunlari Sirdaryo viloyatida bo‘ldi.
Ishchi guruh tomonidan jami 60 ta, shundan 49 ta mahalla, 11 ta tashkilotlarda huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Tadbirlar Guliston, Yangiyer va Shirin shaharlari hamda Guliston, Boyovut, Mirzaobod, Oqoltin, Sayxunobod, Sardoba, Sirdaryo va Xovos tumanlaridagi qizil hududga kirgan joylarda tashkil etildi.
Jumladan, Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov boshchiligidagi guruh a’zolari Yangiyer va Guliston shaharlarida bo‘lib jinoyatchilik sonining oshishiga sabab bo‘layotgan omillarni o‘rgandi. Mazkur shaharlarda jami 8 mahalla jinoyatlar soni bo‘yicha “qizil” hududga kiritilgan bo‘lib, davra suhbatlari aynan ushbu mahallalarda tashkillanishi maqsadga muvofiq bo‘ldi, deyish mumkin.
[gallery-13263]
Asosiy e’tibor jinoyatlarning oldini olishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha mahalla faollari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va yoshlar ishtirokini ta’minlash masalasiga qaratildi. Xususan, Guliston shahrining jinoyatlar soni oshgan “Bog‘ishamol”, “Namuna” va “Taraqqiyot”, “Yangi hayot”, “Sayqal” mahallalarida davom etgan muloqotlarda ishchi guruh a’zolari har bir fuqaroning huquqiy madaniyatini shakllantirish, jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha taklif va muammolarini eshitdi hamda mahalla beshligining faoliyatini yanada yaxshilash choralari belgilab olindi.
Yangiyer shahrining Temur Malik, “Fazilat”, “Shodiyona”, “Yuksalish” mahallalarida o‘tkazilgan davra suhbatlarida esa mahalla ma’muriyati hamda yoshlar ishtirok etdi. Ishchi guruh a’zolari har bir mahalladagi fuqarolar bilan jinoyatchilikning oldini olish borasidagi takliflarni tingladi. Shuningdek, jinoyatlar soni oshgan mahallalardagi uchrashuvlarda tuman va shahar sudlari sudyalari tomonidan sayyor sudlar o‘tkazilib, jarayonlarda profilaktik hisobda turuvchi 20 nafar shaxslar va tarbiyasi og‘ir yoshlar ishtiroki ham ta’minlandi.
O‘tkazilgan davra suhbatlari davomida 75 nafar gulistonlik, yangiyerlik fuqarolarning jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha murojaatlari ham ko‘rib chiqildi. Shuningdek, huquqiy tarbiyani yo‘lga qo‘yishning samarali mexanizmlarini yaratish bo‘yicha Yangiyer va Guliston shahridagi tarbiyasi og‘ir yoshlarning har to‘rttasiga bittadan tumandagi taniqli sportchilar biriktirildi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA