Respublika ishchi guruhi Sirdaryoda
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi harbiy prokurori Shuhrat Uzakov va Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Azizbek Ikramov Sirdaryo viloyatida jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, tuman va shahar sektorlar faoliyati, davlat dasturlarining ijrosini ta’minlash, shuningdek viloyatda savdo-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy, ta’lim, sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar natijadorligi bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan adliya tizimi ixchamlashtirildi. Farmonga asosan tumandagi davlat xizmatlari markazlari, FHDYO organlari va yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tuman adliya bo‘limlari bilan birlashtirilib yagona Adliya bo‘limlariga aylantirildi va ular bitta binoda faoliyat yuritadi.

Ishchi guruh Boyovut tumanida yangi bunyod etilgan Adliya bo‘limi binosiga tashrif buyurdi hamda adliya, FHDYO, DXM va yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyati va bo‘limda fuqarolarga yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Shundan so‘ng adliya organlari tomonidan joriy yilning olti oyi davomida amalga oshirilgan ishlar, xususan, targ‘ibot tadbirlari, davlat xizmatlari va huquqiy xizmatlar ko‘rsatilishi yuzasidan Adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Sattorovning axboroti tinglandi.

Adliya organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, tegishli taklif va tavsiyalar berildi. Ishchi guruhi a’zolari Mirzaobod tumanidagi Milliy gvardiya dala o‘quv poligonida ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish yuzasidan o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotida ham ishtirok etdi. Shuningdek, “Yoshlar markazi” binosida milliy madaniy markazlar vakillari, nuroniylar hamda yoshlar bilan muloqot o‘tkazildi. Shu yerda yoshlarni kasbga yo‘naltirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ular o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan ishlar bo‘yicha sektor rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA