Respublika ishchi guruhi Andijonda
Aholi muammolarini o‘rganish, hududlarda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash bo‘yicha Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi idoralararo respublika ishchi guruhi Andijon viloyatida o‘rganishlar olib bormoqda.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida sharoitlarni yaxshilash hamda umumta’lim maktablarida o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish borasidagi ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida vazir dastlab Andijon tumanidagi 55-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘ldi. Mazkur umumta’lim maktabida 600 nafardan ziyod o‘quvchi tahsil oladi. Maktabda yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 10- va 11- sinf o‘quvchilari uchun savat to‘qish, ko‘rpacha tikish, mebel ta’mirlash, poyabzal tuzatish, qandolatchilik, pazandalik, tayyor mahsulotni qadoqlash, chevarlik hamda tikuvchilik yo‘nalishlarida o‘quv sinflari tashkil etilib, samarali faoliyat olib bormoqda.
Vazir kasbiy ta’lim bo‘yicha mashg‘ulotlar jarayonlarini kuzatdi, o‘quvchi yoshlar bilan suhbatda bo‘ldi. Shuningdek, yoshlarning muammolarini o‘rganish va ular o‘rtasidagi nizoli vaziyatlarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha hududda faoliyat olib borayotgan inspektor-psixolog xodimning faoliyati bilan ham tanishildi. Yoshlarni ta’limga yo‘naltirish, ularni yuksak ma’naviyatli va barkamol shaxs bo‘lib ulg‘ayishiga qaratilgan dasturlarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriq va tavsiyalar berdi.
[gallery-10596]
Po‘lat Bobojonov mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash borasidagi ishlar bilan tanishish maqsadida Andijon tumanidagi “Sadda tagi” mahallasida bo‘ldi. Mahallada jinoyatchilik holatlarini bartaraf etish bo‘yicha mahalla raisi, faollari, mahalladagi hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, imom va otinoyilar bilan hamkorlikda ishlarni yanada mustahkamlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.
Yil davomida birorta jinoyat qayd etilmagan “Sadda tagi” mahalla fuqarolar yig‘ini ichki ishlar profilaktika inspektori A.Abrorovning faoliyati namunali, deb baholandi va mutasaddilarga uning ish tajribasini boshqa mahallalarda ham joriy etish bo‘yicha vazifalar topshirildi.
Aholining turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida “Sadda tagi” mahallasida eksperiment tariqasida barpo etilgan sendvich panelli, yengil konstruksiyali yig‘ma uylar bilan tanishildi.
Andijon tumani adirliklarida barpo etilayotgan Yangi Andijon shahridagi qurilish va obodonlashtirish ishlari ko‘zdan kechirildi. Vazir ishtirokida mazkur hududga 1 ming 200 tup archa, pavloniya hamda kashtan ko‘chatlari ekildi. Tizim xodimlari tomonidan hududda ko‘chat ekish ishlarini kelgusida yana davom ettirish belgilab olindi.
Yangi Andijon shahrida qad rostlagan 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan yo‘l harakati xavfsizligi xonasi ko‘zdan kechirildi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bu kabi o‘quv xonalari ayni kunga qadar viloyatdagi 64 ta umumta’lim maktabi hamda 85 ta maktabgacha ta’lim muassasasida tashkil etilib, zarur vositalar bilan jihozlangan.
Shuningdek, Ichki ishlar vaziri Andijon viloyati IIB JXX Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash borasidagi tadbirlar ta’sirchanligini oshirish hamda yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining hududlarga biriktirilishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Jarayonda yo‘llarda harakatlanish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan kompleks profilaktik choralarni kuchaytirish, yo‘l harakati ishtirokchilarining mas’uliyati va javobgarligini oshirish, yo‘l-transport hodisalarini keskin kamaytirish yuzasidan fikr hamda mulohazalar bildirilib, tegishli topshiriqlar berildi.
Shundan so‘ng Ichki ishlar vaziri rahbarligidagi idoralararo respublika ishchi guruhi mas’ullari, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, professor Oybek Kamolov ishtirokida Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida “Yoshlar orasida jinoyatchilikning oldini olish” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. Tadbirda yoshlar orasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, tahlikali vaziyatlarda ogohlikni unutmaslik, talaba-yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish, turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik, yurtimizda yoshlar uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanish, puxta bilim olib, kelgusida yurtimiz ravnaqiga munosib xizmat qiladigan malakali kadr bo‘lib yetishish singari qator masalalar xususida atroflicha so‘z yuritildi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov rahbarligidagi idoralararo respublika ishchi guruhining Andijon viloyatidagi o‘rganishlari davom etmoqda.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA