Respublika folklor san’ati ustalari Namanganda jam bo‘ldi
Namanganda Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan Prezidentimizning 2022 yil 2 fevraldagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘tkazilgan “Vodiy folk” Respublika festivalida yurtimizni barcha hududlaridan folklor-etnografik xalq badiiy jamoalari teatrlashtirilgan kompozitsiyali dasturlarini namoyish qildi.
Milliy urf-odatlarimizni o‘zida jamlagan mazkur tadbirda xalqimizning qadimdan shakllangan folklor san’ati har bir hududning o‘ziga xos ohanglari, qadriyatlarimiz bilan sayqallangan an’analari, to‘y, bayram marosimlari, xalq o‘yinlari, o‘zaro mehr oqibat va yaratuvchanlik ishtiyoqini beruvchi fazilatlar ifodasi bilan uyg‘unlashtirilgan asnoda taqdim etildi.

Viloyat teatri sahnasida bo‘lib o‘tgan festival doirasidagi ko‘rik-tanlov ishtirokchilarining chiqishlarini Fanlar Akademiyasining o‘zbek tili va adabiyoti folklori instituti, Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy metodik markazi hamda folklorshunos olimlar, ilmiy tadqiqotchilardan iborat hakamlar hay’ati baholab bordi.

– Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegayli tumanidan keldik, – deydi ushbu tuman madaniyat bo‘limi mudiri Sultonmurod Xo‘janov. – Tanlovda bizning “Aqtuba” folklor etnografik xalq jamoa “Ovulda to‘y” deb nomlangan dasturimizni namoyish etdik. Umuman olganda, mazkur festival hududlardagi folklor meroslari xazinasini o‘ziga xos qirralari bilan anglash va farqlash, ularni tadqiq etish, sayqallash imkonini berishi bilan ahamiyatga ega.

Mamlakatimizning har bir hududidan bittadan folklor-etnografik ansambl ishtirokida folklor san’ati (alla, o‘lan, lapar, raqs, terma, marosim qo‘shiqlari), milliy xalq o‘yinlari va tomosha san’ati yo‘nalishlarida kechgan ko‘rik-tanlov natijalariga ko‘ra, Buxoro viloyatining "Jondor" folklor-etnografik xalq ansambli tanlov g‘olibi sifatida birinchi darajali diplom va 50 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridagi “Omonyor” folklor-etnografik xalq ansambli ikkinchi darajali diplom va 40 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. Tanlovning uchinchi darajali diplomi va 30 million so‘m pul mukofoti esa Qoraqalpog‘istonning Kegayli tumanidagi "Aqtuba" folklor etnografik xalq ansambliga nasib etdi.
Shuningdek, tanlovda taqdim etilgan dasturdagi eng yorqin jihatlar hisobga olindiki, ular “Hududga xos vokal uslublarning mohir ijrochisi”, “Eng yaxshi xalq o‘yinlari namoyishi”, “Mohir lapar ijrochisi”, “Xalq o‘yinlarining mohirona ijrochisi”, “Qadimiy musiqa cholg‘ular ijrochisi”, “Jamoaning badihago‘y baxshisi”, “Mohir raqs san’ati uchun”, “Eng yosh folklor jamoasi”, “Eng yaxshi aktyorlik mahorati uchun” nominatsiyalari bo‘yicha munosib rag‘batlantirildi.
Festival yakunlandi, ammo uning zavqi, sururi dillarda xalq og‘zaki ijodi namunalari va milliy qadriyatlarimizni sayqallash ishtiyoqi bilan yangi reja va niyatlar uyg‘otdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA