Renovatsiyani amalga oshirishda mulk egalarining roziligi olinishi zarur
Davlatimiz rahbari 2026-yil 10-iyunda “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Qonunga ko‘ra, shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish uchun shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan turar va noturar joylarning eskirgani, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lib, avariya holatiga kelib qolgani, hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir qiladigan holatlarning mavjudligi inobatga olinadi.
Shaharsozlik renovatsiyasining mavjud ob’ektning asosiy konstruksiyasini o‘zgartirmasdan rekonstruksiya qilish, mavjud ob’ektni buzish va bo‘shagan yer uchastkasida buzilgan ob’ekt toifasidagi yangi ob’ektni qurish, yashil hududlarni va boshqa hududiy zonalarni tashkil etish kabi turlari bor.
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish bo‘yicha taklif davlat, huquq egalari, uchinchi shaxslarning tashabbusiga ko‘ra kiritilishi mumkin.
Qonunga ko‘ra, huquq egalari bilan ochiq muhokama renovatsiya loyihasining konsepsiyasi ishlab chiqilgan kundan e’tiboran 2 oy ichida o‘tkaziladi.
Ochiq muhokamada ob’ektlarni renovatsiya loyihasiga kiritish uchun har bir ob’ekt egalarining kamida 4/5 qismining notarial tasdiqlangan yozma roziligini olish renovatsiyani amalga oshirishning majburiy shartlaridan biridir.
Huquq egasi renovatsiya loyihasini amalga oshirishda o‘z xohishiga ko‘ra kompensatsiya olishi yoki hissa qo‘shuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin.
Kompensatsiya shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshiriladigan hududda yangi quriladigan turar va noturar joy toifasidagi ob’ektni mulk qilib berish; boshqa joydan turar va noturar joy toifasidagi ob’ektni mulk qilib berish; pul mablag‘lari; kelishuv bitimida nazarda tutilgan boshqa shakllar kabi ketma-ketlikda bo‘lishi mumkin.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.
N.Abduraimova, O‘zA