“Registrator ofisi” talabaga ko‘maklashadi
Bugun qay bir sohani olmang, rivojlanishni, taraqqiyotni, o‘zgarishni, yangilanishlarni ko‘rasiz. Raqamlashtirish kunning muhim mavzusiga aylanib ulgurdi. Joriy yil 20 iyun kuni Prezident raisligida muhandislik kadrlarini tayyorlash tizimidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham aynan oliy ta’lim muassasalarida dekanatlarning talabalarga xizmat ko‘rsatish funksiyalari to‘liq raqamlashtirilishi, xorijdagi kabi “Registrator ofisi” tashkil qilinishi alohida ta’kidlandi. 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab yurtimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida mazkur “ofis”ning faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xo‘sh, ushbu tizimning vazifasi nima va qanday afzalliklarga ega?
E’tibor qilgan bo‘lsangiz, keyingi yillarda yoshlar uchun imkoniyatlar maydoni tobora kengayib bormoqda. Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayapti, talabaning darsdan bo‘sh vaqtlarida ishlashlariga ruxsat berildi, shartnoma asosida ijara xonadonlarida yashayotgan talabalar ijara pullarining yarmi davlat tomonidan qoplab berilyapti.
– Faoliyatimizning asosiy maqsadi talabaga yengillik qilish, uning muammolarini bir joyning o‘zida, markazlashgan tizim orqali hal etishdan iborat, – deydi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti “Registrator ofisi” direktori Shohruh Turdiyev. – Bu ortiqcha ovoragarchilik va qog‘ozbozlikka barham beradi. Masalan, talabalar o‘qishini tiklash, ko‘chirish, to‘lov-shartnoma, stipendiya masalalari – hammasi shu yerning o‘zida hal qilinadi. Bir so‘z bilan aytganda, ishimiz talabalarga xizmat ko‘rsatishga qaratilgan.
[gallery-19125]
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan namunaviy nizom loyihasida “Registrator ofisi” oliy ta’lim tashkilotlarining talabalikka qabul, o‘quv jarayoni va talabalarga xizmat ko‘rsatish, akademik faoliyatni tashkil etish hamda ta’lim jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash kabi vazifalarni amalga oshiruvchi tarkibiy tuzilmasi ekanligi belgilangan. Bu, o‘z navbatida, sohada byurokratik to‘siqlar yuzaga kelishining oldini olishga va tahliliy ma’lumotlarni shakllantirish, qaror qabul qilish jarayonlarini optimallashtirishga yordam beradi.
– Dars jadvallari shu paytgacha har bir dekanatning o‘zida alohida-alohida yuritilgan edi, – deydi institut o‘quv-uslubiy boshqarmasi boshlig‘i Zafar Chorshanbiyev. – Endi ular “Registrator ofisi”da markazlashgan holda tuziladi. Bu o‘qituvchilarning dars soatlarini to‘g‘ri taqsimlash, faoliyatini nazorat qilish imkoniyatini yaratadi. Bundan tashqari, fakultetlardagi dekan o‘rinbosari shtatlari qisqartirilib, ularning ko‘plab vazifalari yangi tizim xodimlari zimmasiga yuklatildi.
Namunaviy nizomga ko‘ra, “Registrator ofisi”da, asosan, xizmat ko‘rsatish (front office) va ma’lumotlar bazasi (back office) bo‘limlari bo‘lib, ular tarkibida ilmiy va innovatsion faoliyat bo‘yicha xizmat ko‘rsatish, xalqaro aloqalar va akademik mobillik bo‘yicha xizmat ko‘rsatish, marketing va amaliyotlarni tashkil etish hamda buxgalteriya bo‘yicha xizmat ko‘rsatish hamda statistik ma’lumotlarni yuritish, o‘quv jarayonini muvofiqlashtirish, talabalar hujjatlarini yuritish va saqlash sektorlari faoliyat yuritmoqda.
Bugun “talabaga yengillik” degan ibora ko‘p qo‘llaniladi. Yoshlarga oid davlat siyosatining asosini ham ana shunday xayrli ishlar, maqsadlar tashkil etadi. “Registrator ofisi”ning muhim vazifasi talabaning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilishdan iborat. U hujjatbozlikka ortiqcha vaqt sarflamay, foydali mashg‘ulotlar bilan shug‘ullansin.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari