Regbi-7: Bironta ham ochko yo‘qotmagan Xorazm chempion
O‘zbekiston regbi federatsiyasi tomonidan Respublika tovar-xom ashyo birjasi bilan hamkorlikda regbi-7 sport turini yanada ommalashtirish maqsadida 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida an’anaviy turnir o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Sirdaryo, Navoiy, Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrining 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar jamoalari g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Musobaqaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston regbi federatsiyasi raisi S.Safoyev, Respublika tovar xom-ashyo birjasi boshqaruvi raisining o‘rinbosari K.Prokudina va boshqa mutasaddilar ishtirok etib, jamoalarga omad tiladi.

Turnir har jiahtdan murosasizligi va qiziqarliligi bilan muxlislarda iliq taassurot qoldirdi. Musobaqalar davomida mutaxassislar, O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylari regbi-7 bo‘yicha xalqaro musobaqalarda vatanimiz sharafini ihmoya qiladigan mamlakat terma jamoasi a’zolarini yana bir bor nazoratdan o‘tkazishdi. Terma jamoaga yangi nomzodlar belgilandi.
Musobaqaga har jihatdan puxta tayyorgarlik ko‘rgan Xorazm viloyati qizlari o‘z ustunliklarini namoyish etdi. E’tiborlisi, ular turnir davomida bironta ham to‘p o‘tkazib yuborishmadi.
Sirdaryoliklarni 29:0, farg‘onaliklarni 43:0, Andijon jamoasini 50:0, poytaxt vakillarini 33:0, Namangan terma jamoasini 34:0 hisoblarida hamda boshqalarni ham shu tarzda mag‘lub etib, umumiy hisobda 28 ochko jamg‘argan Xorazm regbichi qizlari haqli ravishda turnir g‘olibligiga erishdi.

Faqat xorazmliklardan yengilgan namanganlik qizlar 6 g‘alaba va bir mag‘lubiyat bilan 2-o‘rinni egallashdi. 5 g‘alaba va ikki mag‘lubiyat qayd etgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasi esa kuchli uchlikka yakun yasashdi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari, turnirning eng kuchli sportchilari tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA