Referendumda turli millat vakillari ham ovoz berdi
O‘zbekiston ko‘p millatli diyor. Bu o‘lkada 130 dan ziyod millat va elat vakillari tinchlik totuvlikda yashab, mehnat qilib kelyapti. bugungi bo‘lib o‘tayotgan muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi referendumida barcha millat vakillari faol ishtirok etmoqda.
Ajargul Usmonova Navoiy viloyatining Konimex tumanida tug‘ilgan. Qozoq millatiga mansub. 36 yildan buyon Navoiy shahrida istiqomat qiladi. 1993 yilda Navoiy davlat pedagogika instituti rus filologiyasini tamomlagach, shahardagi 17-umumta’lim maktabida faoliyatini boshlagan. Mana 12 yildirki 13-umumta’lim maktabida direktor vazifasida ishlab keladi. A.Usmonova o‘z konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda bugungi referendumda ishtirok etdi.
[gallery-11667]
– Yurtimizda boshqa millat vakillari o‘zbeklar bilan teng sharoitda, yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan foydalangan holda mehnat qilmoqda, – deydi Ajargul Usmonova. – Garchi o‘zim qozoq millatiga mansub bo‘lsamda, O‘zbekiston fuqarosi ekanligimdan, shu jannatmonand diyorda tug‘ilib voyaga yetganligimdan faxrlanaman. Bugun “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi Konstitutsiyaviy qonunning loyihasi bo‘yicha o‘tkazilayotgan referendumni qo‘llab-quvvatlab ovoz berdim. O‘zim pedagogman. Yangilanayotgan Konstitutsiyada men singari o‘qituvchilar maqomi yanada ulug‘lanib, ko‘pgina modda va normalarda o‘z ifodasini topmoqda.
Viloyatdagi referendum uchastkalarida ovoz berish jarayonlari davom etmoqda.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA