Referendumda imkoniyati cheklangan fuqarolar ham faol ishtirok etmoqda
Mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy tadbir – “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendum bo‘lib bo‘lib o‘tmoqda. Unda imkoniyati cheklangan fuqarolar ham faol ishtirok etib, o‘z konstitutsiyaviy huquqdan foydalanmoqda. Referendum uchastkalarida ular uchun barcha sharoit yaratilgan.
– Taqdir ekan, yoshligimda og‘ir dardga chalinib, ko‘z nurimdan ayrilib qoldim, – deydi Dilnoza Bo‘riyeva. – Ulg‘ayganim sari bu dardning qanchalik og‘ir ekanini anglab bordim. Ota-onam, yaqinlarimning ko‘magi bilan Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida tahsil oldim. Bugun O‘zbekiston Milliy universitetida o‘qiyapman.
Bugun kayfiyatimdagi tushkunlik o‘rnini ko‘plab yuksak marralarga erishish kabi orzular egallab ulgurgan. Ota-onamdan uzoqda, poytaxtda tahsil olishim men uchun noqulaylik tug‘dirmadi. Atrofimda meni qo‘llab-quvvatlovchi do‘stlarim bor. Imkoniyatimiz cheklangan bo‘lsada, bizning o‘qishimiz, ishlashimiz uchun barcha imkoniyatlar yaratib qo‘yilgan. Bugun o‘z hududimdagi referendum uchastkasiga kelib, o‘zim va men singari yoshlarning taqdiri, chiroyli kelajagi uchun ovoz berdim.
Referendumda barcha toifadagi fuqarolar o‘z huquqlaridan emin-erkin foydalanishi uchun sharoitlar yaratilgan. Xususan, referendumda ovoz berish byulletenini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida tayyorlangan trafaret namunasi va tavsifi mavjud. Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi ovoz beruvchi fuqarolar referendum byulletenida o‘z xohish-irodasini mustaqil ifoda eta olishlari uchun har bir referendum uchastkasi trafaret bilan ta’minlangan.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA