Referendum yuqori saviyada o‘tkaziladi
9-Surxondaryo okrug komissiyasida referendum jarayonini boshqarish axborot tizimi muhokama etildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Referendumi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 20-moddasida okrug komissiyasi mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillarining, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborotlarini tinglashi belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Referendumini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug komissiyasi a’zolari referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuksak saviyada o‘tkazish yuzasidan mutasaddilarning axborotlarini tinglab, tegishli qarorlar qabul qilmoqda.

Bugun okrug komissiyasi raisi A.Xo‘jaqulov boshqarib borgan yig‘ilishda ham dastlab referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ovoz beruvchilarning yagona elektron ro‘yxati bilan ishlash masalalariga bog‘liq vazifalar ijrosi muhokama etildi.
Okrug komissiyasi a’zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari va axborot beruvchi mutasaddilar ishtirok etgan yig‘ilishda mamlakatimizda keyingi yillarda referendum va saylovlarni o‘tkazishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilayotgani alohida ta’kidlandi. Bunda ovoz beruvchilarning yagona elektron ruyxati shakllantirilib, jarayonni boshqarish axborot tizimi yaratilayotgani, fuqarolarning doimiy va vaqtinchalik yashash joylari, hududlar, ko‘chalar, uylar va xonadonlarning nom va raqamlari elektron shaklda aniq belgilab olinayotgani referendum o‘tkazuvchi komissiya a’zolari uchun ham, ovoz beruvchilar uchun ham qator qulaylik yaratayotgani qayd etildi.

Yig‘ilishda mazkur jarayonlarga aloqador Raqamli texnologiyalar vazirligining Surxondaryo viloyat sho‘’basi, Viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi hamda Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi mutasaddilari referendumga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida bu borada amalga oshirgan ishlari haqida atroflicha axborot berdi.
Ta’kidlandiki, okrug hududida shu kungacha saylov jarayonini boshqarish axborot tizimiga mavjud 860 ta referendum uchastkasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritildi. Referendum uchastkalarining tizimda ishlashi uchun login va parollari yaratilib, uchastkalarga yetkazib berildi. Ovoz beruvchilarni uchastkalarga taqsimlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. 359 fuqaroning arxiv ma’lumotlariga muvofiq vafot etganligi tasdiqlanib, ro‘yxatdan chiqarish uchun joylardagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlariga taqdim etildi.
Okrug hududidagi 5 ming 876 fuqaroning doimiy yashash manzillari qaytadan xatlovdan o‘tkazilib, ular o‘zlarining yashash manzillaridagi uy-joy kadastr raqamlariga kiritilib, ma’lumotlari dolzarblashtirildi.
Fuqarolarning ko‘chmas mulk ob’ektlarini turar joydan, noturar joy ob’ektiga o‘tkazishi yoki qayta qurishi (kengaytirilishi), buzilishi natijasida 74 ta kadastr raqamlar o‘zgargani aniqlanib, ushbu kadastr raqamlariga bog‘langan holda ro‘yxatga olingan 108 nafar fuqaroning doimiy yashash manzillari haqidagi ma’lumotlari faol emasligi ma’lum bo‘ldi. Bu holat viloyat kadastr boshqarmasi bilan hamkorlikda ularning yangi kadastr raqamlariga aniqlik kiritilib, barchasi mazkur kadastr raqamlariga to‘liq bog‘landi.
Viloyatdagi ko‘chmas mulklarda 844 ta ochiq, 16 ta yopiq referundum uchastkasi faoliyat yuritmoqda. Referendum uchastkalarining barchasi “UZKAD” dasturiga to‘liq yuklanib, ArcGis elektron axborot bazasi yaratildi. Har bir uchastkaning chegarasi bo‘yicha xaritalari chizilib, axborot tizimiga to‘liq yuklandi.
Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar atroflicha muhokama etilib, bu boradagi ishlarni sifatli yakunlash yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Tegishli qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, yig‘ilishda okrug kalendar rejasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Shu kuni okrug komissiyasining matbuot markazida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun navbatdagi matbuot anjumani ham o‘tkazildi. Unda okrug komissiyasining referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan olib borayotgan ishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri