Referendum yuqori saviyada o‘tadi
Xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 12-Xorazm okrug komissiyasining 21 nafar a’zodan iborat tarkibi tasdiqlab olingani haqida xabar bergan edik.
Shu kunlarda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining loyihasi bo‘yicha joriy yilning 30 aprel kuniga belgilangan referendumga tayyorgarlik ishlari qizg‘in pallaga kirdi. Shu munosabat bilan referendum o‘tkazuvchi 12- Xorazm viloyat okrug komissiyasi yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishni okrug komissiyasi raisi Baxrom Abdullayev kirish so‘zi bilan ochib, okrug komissiyasining asosiy vazifalari, referendum kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan ishlar va rejalar xususida to‘xtalib o‘tdi. Komissiya a’zolarining vazifalari taqsimlanib, referendumga tayyorgarlik ko‘rish davrida okrug saylov komissiyasi a’zolarining navbatchilik jadvali belgilandi.
Shuningdek okrug komissiyasi a’zolarining ish hujjatlari nomenklaturasi, okrug komissiyasi ayrim a’zolarini referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan ozod etish kabi muhim masalalar muhokama etilib, ochiq ovoz berish orqali tegishli qarorlar qabul qilindi.
Okrug komissiyasi a’zolariga a’zolik guvohnomalari topshirildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi markaziy saylov komissiyasining doimiy a’zosi Suyarjon Kurbankulov ishtirok etdi va komissiya a’zolariga referendumni o‘tkazish bilan bog‘liq bir qator dolzarb masalalar yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA