R.Davletov: tadbirkorga sharoit yarating va uni tinch qo‘ying
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilayotgan Tadbirkorlik kodeksi, tadbirkorlikka oid qonunchilikdagi muammolarni tahlil qilib berdi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tadbirkorning dardi bilan yashamagan rahbar siyosatni tushunmagan rahbar bo‘ladi, deb juda to‘g‘ri ta’kidlagan, – deydi R.Davletov. - Hamma bitta narsani tushunishi kerakki, tadbirkorlikning asosiy mohiyati – bu foyda olish, samaradorlik va olingan foydani yana investitsiya qilishdan iborat. Ya’ni tadbirkor foydani qancha ko‘p olsa, shuncha ko‘p investitsiya qiladi va bu iqtisodiyotning o‘sishiga xizmat qiladi. Bundan esa tadbirkorning o‘zi ham, xalq ham, davlat ham manfaatdor bo‘ladi.
Tadbirkor erkin faoliyat yuritishi uchun nima kerak? Agar u byurokratiyaga ko‘milib ketsa, ishini kim qiladi?
Masalan, Yaponiyada tadbirkorning qo‘lida bittagina Savdo kodeksi bo‘ladi, u faqat shunga ko‘ra o‘z ishini olib boradi.
Demak, tadbirkorga bitta kompakt, tushunarli huquqiy me’yorlar to‘plami zarur.
Ayni paytda bizda esa tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari tarqoq holda va nihoyatda ko‘p miqdorda qabul qilingan. Xususan, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq 5000 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat mavjud.
Hujjatlarning nihoyatda ko‘pligi ular o‘rtasida kolliziyalarni keltirib chiqarishi mumkin. Zarur bo‘lgan qonunchilik hujjatini topish hamda amalda qo‘llash qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgani sir emas.
Sohani huquqiy tartibga solishda zamonaviy tendensiyalardan kelib chiqib bo‘shliqlarni bartaraf etish zaruriyati mavjud, yangi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan to‘liq tartibga solish masalasi turibdi. Masalan, “o‘rta biznes” mezonlari, innovatsion tadbirkorlik va elektron tijoratning kirib kelishi (startap-korxonalar, innovatsion klasterlar, texnologik parklar va b.).
Tadbirkorlik kodeksining qabul qilinishi tarqoq holda hamda turli kolliziyalar mavjud bo‘lgan qonunchilik hujjatlarini yagona hujjatga birlashtiradi.
Tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlari barqarorlashtirish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvni belgilashga xizmat qiladi. Bu loyiha albatta jamoatchilik muhokamasiga taqdim etiladi.
Bundan tashqari, davlat tadbirkorga sharoit yaratib, elektr, gaz, suv, yo‘l, kredit berishdan tashqari unga zarur huquqiy kafolatlarni berishi, mulk daxlsizligi, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlab berishi lozim.
Bu borada hozirgi kunda asosiy muammolar aniqlanib, ularni bartaraf etish uchun zarur choralar ko‘rilmoqda. Birgina yer masalasini olaylik. Bu sohada turli korrupsion tuynuklar, noqonuniy yer sotish va yoki yerni tadbirkordan olib qo‘yish amaliyoti avj olib borayotgan edi.
Prezident farmoni mana shu muammolarga chek qo‘yish orqali tadbirkorlarga ishonchli, barqaror biznes muhitini yaratishga va teng imkoniyatlarni ta’minlashga yo‘l ochdi.
Tadbirkorlik sub’ektlari va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda davlat tomonidan tartibga solish va nazoratning aniq chegaralarini belgilash ham juda muhim. Ya’ni tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvni cheklab, ularni tinch qo‘yish kerak. Bunda davlatning ayrim funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish zarur.
Sir emaski, litsenziya va ruxsatnoma olish ko‘plab tadbirkorlarimizni qiynab kelayotgan edi. Chunki litsenziya va ruxsatnoma olishda tadbirkorlar ko‘plab turli byurokratik to‘siqlarga, ortiqcha ovoragarchilik, hattoki korrupsiya holatlariga duch kelar edi. Adliya vazirligiga ham bu masalada ko‘plab ariza va shikoyatlar tushgan.
O‘tgan yil avgust oyida Prezidentimizning “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Shu asosda 104 litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi.
Maxsus “Litsenziya” axborot tizimi ishga tushirildi. Endilikda xabardor qilish tizimi orqali 15 kun ichida emas 10 daqiqa ichida bemalol ishni boshlash mumkin.
Shuningdek, sohani tartibga soluvchi yagona “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinish jarayonida.
Adliya vazirligi tomonidan “tartibga solish gilotinasi” usulini qo‘llagan holda qonunchilik tizimlashtirilgani natijasida 2020 yil 500 ga yaqin, 2021 yil 400 ga yaqin Prezident farmon va qarorlari bekor qilindi. Shuningdek, 2 000 ga yaqin hukumat qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan, deb topildi. Bu esa amaldagi qonunchilik bazasini deyarli 10 foizga ixchamlashtirishga imkon berdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida amaldagi qonunchilik normalari tanqidiy qayta ko‘rib chiqilib, aniqlanayotgan byurokratik to‘siqlar bekor qilinmoqda.
Tadbirkorlikka doir qonunchilikdagi barqarorlik, qoidalarning aniq va o‘zgarmasligi tadbirkorga o‘z risklarni prognozlashtirish, biznesni rejalashtirish va rivojlanish kafolatlarini beradi. Davlatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi. Shuning uchun hech bo‘lmasa, yaqin 10 yillikda qonunchiligimizda barqarorlik va tizimlilikni ta’minlash lozim.
Tadbirkorlarni qiynayotgan yana bitta masala – bu bevosita hududlardagi biznes uchun yaratilgan muhit. Ya’ni hududlarda, har bir tuman (shahar)da tadbirkorlik uchun yaratilgan shart-sharoitning holatini yaxshilash.
Joylarda tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar bo‘yicha muammolarni aniqlashning yangi usuli ishlab chiqildi. Xususan, “Business indicator” – hududlarning Biznes reytingi ishlab chiqildi. Reyting joylarda tadbirkorlik uchun yaratilgan sharoitlarni baholaydi. Baholashda tadbirkorlarning o‘zi ham bevosita ishtirok etadi.
Yuqorida aytilganidek, davlat va tadbirkor bir maqsad yo‘lidagi hamkorlardir. Hamkorlar o‘rtasida ishonch bo‘lishi kerak. Tadbirkorga hadeb nima qilishini o‘rgatib, uni nazorat qilib, byurokratik to‘siqlar qo‘yilsa, ya’ni davlat tadbirkorga ishonmasa, tadbirkor ham davlatga ishonmaydi. Uni hamkor emas, nazoratchi, tepadan bosim o‘tkazuvchi, jazolovchi sifatida qabul qiladi. Tartiblarni aylanib o‘tib, davlatdan yashirinishga harakat qiladi.
Shuning uchun tadbirkorga eng katta yordam – teng sharoit yaratish va tadbirkorni tinch qo‘yishdir.
Adliya vazirligi aynan shunday yondashuvni targ‘ib qiladi, uni qo‘llab quvvatlaydi va boshqa mutasaddilarni ham shunga chaqiradi.
N.Abduraimova, O‘zA