Rasuli akram mo‘’jizalari «Sahihul Buxoriy»da...
AYYOM FAZILATI
Muhaddislar sultoni bo‘lgan Imom Buxoriy bobomizning nomi, yuksak aqlu zakovati va insoniy salohiyati, ilmiy-ma’naviy merosi ortiqcha ta’rifga muhtoj emas. Uning shoh asari bo‘lmish «Sahihul Buxoriy» Islom olamida Muqaddas Qur’ondan keyingi o‘rinda turadigan manba sifatida e’tirof etilganining o‘ziyoq allomaning dahosi va ijod mahsulining qadri haqida yetarli tasavvur hosil qiladi.
Bu to‘plamda jamlangan hadislar diniy mavzular qatorida bola tarbiyasi, oilaviy munosabatlar, ijtimoiy masalalar, tashqi aloqalar, xavfsizlik muammolari, qo‘yingki, inson, jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan.
Ma’lumki, Muhammmad sollallohu alayhi vasallam barcha payg‘ambarlarga berilgan karomatlar sohibi bo‘lganlar. Imom Buxoriy o‘zining shoh asarida ana shu karomatlar tufayli yuz bergan aql bovar qilmas voqealarga ham alohida to‘xtalib o‘tgan. Saytimizda «Oltin silsila» ruknida chop etilgan 8 jildli «Sahihul Buxoriy»da hikoya qilingan ana shunday mo‘’jizalarning ayrimlari e’tiboringizga havola qilinmoqda (jild va hadis raqamlari keltirilmoqda).
SUVDAGI BARAKA
(I) 344. Imron roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga safarda edik... Odamlar tashnalikdan shikoyat qilishdi. U zot ikki kishini suv qidirishga jo‘natdilar. Ikkovlon tuya mingan ayolga duch kelishdi va «Suv qayerda?” deb so‘rashdi. Ayol: «Kecha shunaqa payt suvning oldida edim», dedi. «Unda biz bilan yur», deyishdi. «Qayerga?” dedi u. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga», deyishdi. «Sobiy»* deb aytilayotgan kishimi?” dedi. «Sen aytayotgan odam o‘sha, yur», deyishdi.
Uni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga olib kelib, bo‘lgan gapni so‘zlab berishdi. Keyin uni tuyadan tushirishdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir idish so‘radilar. Keyin unga ikkala mazoda*ning og‘zidan suv quydilar va ikkalasining og‘zini bog‘lab, perovini ochiq qoldirdilar. Odamlarga «Sug‘oringlar va ichinglar!” deb nido qilindi. Xohlagan sug‘ordi, xohlagan ichdi. Ayol esa shu turganicha suvini nimalar qilishayotganiga qarab turar edi. Suv olish to‘xtatilganda esa, mazodalar avvalgidan ham to‘laroq tuyuldi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bunga bir nima yig‘ib beringlar”, dedilar. Ayolga ajva*, un va tolqondan bir qancha yegulik yig‘ib, bir tugunga solib berishdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga: “Ko‘ryapsan-a, suvingdan hech qancha kamaytirmadik, bizlarga suv bergan Allohning O‘zi”, dedilar.
Keyin ayol o‘z ahlining oldiga keldi, ulardan ancha ortda qolib ketgan edi. «Seni nima ushlab qoldi?” deyishdi. U dedi: «Ajoyib ish bo‘ldi. Menga ikki kishi yo‘liqib, «sobiy»ning oldiga olib borishdi. U shunday-shunday qildi. Allohga qasamki, u yer bilan osmon o‘rtasidagi insonlarning eng sehrgaridir yoki u haqiqatan Allohning elchisidir».»
* mazoda – ikkita terini bir-biriga ulab tikilgan katta meshkob, u asosan safarga mo‘ljallangan suv idishi bo‘lgan.
* sobiy – eski dinidan chiqib, yangi dinga kiruvchi. Johiliyat arablari johiliyatdagi dinini tashlab, Islom diniga kirganlarni shunday atashgan.
* ajva – Madina xurmolarining eng yaxshi navlaridan bo‘lib, sifati va foydaliligi bilan boshqalaridan ajralib turadi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi