Rasmiyatchilikdan samimiylikka qo‘yilayotgan qadamlar
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan 18-19-20 avgust kunlari o‘tkazilgan Respublika Yosh ijodkorlar seminari nihoyasiga yetdi. Mahorat darslari o‘tgan ustoz ijodkorlarning ayrimlaridan seminar va unda ishtirok etgan yoshlar ijodi haqidagi taassurotlarini so‘radik.
Shahodat Isaxonova, yozuvchi:
– Har bir millatning "o‘zak" sohasi, ya’ni, jamiyatning ma’naviy qatlamlarini (genofondi) asrovchi, jon kuydiruvchi odamlari bo‘ladi. Bunday jonkuyarlikni arablarda o‘qituvchilar, AQSHda tadbirkorlar, inglizlarda moliyachilar, Xitoyda rahbarlar, ruslarda harbiylar, o‘zbeklarda ijodkorlar o‘z zimmalariga olishgan.
Adabiy jarayon doimiy harakatdagi jarayondir. Haqiqiy iste’dod esa favqulotda yuz beradigan hodisa. Mazkur jarayonni kuzatib borish va favqulotda yuz beradigan ana shu hodisani kuzatish, egasini topish, kashf etish jamiyatning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, bugungi globallashuv jarayonida, ya’ni, ommaviy madaniyat va manfaatlashgan qarashlarga asoslangan qadriyatlar o‘ng planga chiqayotgan bir pallada buning ahamiyati juda muhim. Bu esa Yozuvchilar uyushmasidan yanada mas’uliyat bilan ishlashni talab etadi.Chunki bugungi Yangi O‘zbekiston va avlodlari oldiga qo‘yilgan vazifa nihoyatda dolzarb. Adabiyot ahli bugungi ana shu globallashuv jarayonida o‘zlari ijod etgan badiiy obrazlarini, ya’ni, inson konsepsiyasini yaratishga qo‘shgan hissalarini ko‘rsatib berishlari kerak.
Respublika yosh ijodkorlar semenari ana shu dolzarb masalalarga qaratilgan bo‘lib, bu yil unda 85 yosh ijodkorning badiiy asarlari tajribali va iste’dodli ustozlar tomonidan tahlil etildi.
Har bir kengashda ishtirok etgan qalamkashning ijodi o‘ziga xosligi bilan, ayniqsa, qadim tamaddun o‘chog‘i bo‘lmish turkiy olam manfaatlariga uyg‘unligi bilan ustozlar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Men nasr kengashida mahorat darslari o‘tdim. Ishtirokchilarning har biri o‘z asarlarida inson hayotiga, yurtimizda va dunyoda ro‘y berayotgan real voqealarga o‘z munosabatlarini bildirganlar. Har biri o‘ziga xos olam, ularning kechinmalari, tuyug‘ulari orqali davr ruhini, zamon taraqqiyoti mohiyatini ochib berishi hammamizni quvontirdi. Kelajakda adabiyotimizga, zabardast adiblarimiz safiga yangi nafasli, yangi nosirlar kirib kelayotganini tuydik.
Odil Ikrom, shoir va tarjimon:
– Yoshlar seminari, mening nazarimda, ko‘ngildagidek o‘tdi. Tadbirning mazmunli o‘tishida Yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botirjon Ergashev bilan uning jamoasi, ya’ni, Ma’mura Zohidova, Alisher Boymurodov, Fozil Jabborov, Nargiza Asadova, Mansur Jumayev, Anvar Jabborovlarning hamda Do‘rmon va Parkent ijod uyi ahlining xizmatlarini alohida e’tirof etish kerak. Nutqlar, xususan, Parkent ijod uyida o‘tkazilgan 25 nafar avvalgi seminar ishtirokchilarining birinchi kitoblari taqdimotida ustoz ijodkorlar tomonidan bildirilgan mulohazalar samimiy, mazmunli, me’yorida bo‘ldi.
Badiiy tarjima yo‘nalishi bo‘yicha bir hakam sifatida ishtirok etdim va bu bo‘limda havola etilgan yosh do‘stlarimizning zavq maqomiga ko‘tarilgan mehnatlari, ularning intilishlari, asl nusxa shakli va mazmuniga halol munosabatlari menda yaxshi taassurot qoldirdi.
Yosh tarjimonlar ishtiyoqi va fidoyiligidan kelib chiqqan holda shunday xulosaga keldim: Tarjimachilik qamrovi keng. Bu jarayonga ayni paytda Yozuvchilar uyushmasida faoliyat yuritayotgan tarjima bo‘limi torlik qiladi. Alohida tarjima Markazi tashkil etilsa, yosh tarjimonlar yo‘nalishiga qarab turli mamlakatlarga ijodiy safarlarga yuborilsa, ularning ham o‘girmalari “Birinchi kitobim” loyihasida nashr etilsa – jahon adabiyotining sara asarlarini o‘zbek kitobxonlariga yoxud o‘zbek adabiyotini dunyoga tanitishdek mashaqqatli, shuningdek, sharafli, oxiri baxayr hodisalar o‘z vaqti-soatida yuz berishiga, seminar ishtirokchilarining ham tarjimalari o‘z qadrini topishiga ishonaman.
Bir so‘z bilan aytganda, yoshlarning o‘zidek beg‘ubor mo‘’jaz adabiyot bayrami, rasmiyatchilikdan samimiylikka, shakldan mazmunga, ruku’dan sujudga qarab qo‘yilayotgan tig‘iz qadamlar barchamizga muborak bo‘lsin!
Xosiyat Rustamova, shoira:
– Bugun seminar yakuniga yetdi. Lekin u bilan bog‘liq xotiralar bugungi yoshlar yetuk shoir-yozuvchiga aylanganlarida ham davom etadi, tugamaydi. Chunki bugungi shukuh, tabiat manzarasi, tog‘lar havosi, ustozlar etibori xotiralarda mangu qoladi. Va yana eng yoqimlisi, bularning hammasi yoshlar ijodida bot-bot ko‘zga tashlanib boraveradi. Bu xotiralar ular qayerda bo‘lishlaridan qat’iy nazar, oldilaridan chiqib kelaveradi…
Men bugun kuni bo‘yi, necha yillar avval, o‘zim ishtirok etgan seminar haqida o‘yladim. O‘ttiz yildan oshiq vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, yo‘qolib ketmabdi. Eng mustahkam imorat kabi qalbimda qad rostlab turganini ko‘rib, ochig‘i, hayratlandim. O‘tgan yillar qanchalik shafqatsiz bo‘lishiga qaramay, bitta g‘ishtini ham qimirlata olmabdi…
Ijodkor uchun adabiy davralar – o‘zingga o‘zingni imtihon qilish imkonini beradi. Shunday davralarda sening kimliging bilinib qoladi. O‘zingni tutishingdan tortib, istedodinggacha yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ayniqsa, o‘qimagan kitoblaring “sotib” qo‘yadi. O‘qigan kitoblaring seni himoya qiladi. Kechagi davrada men ayrim ijodkor yoshlarning so‘zdan olisligini, so‘zga begonaligini his qildim. Kitobga bo‘lgan munosabatning sustligidan o‘kindim.
Shunga qaramay, men yoshlardan ko‘p narsa kutaman va umid qilaman. Bunday tadbirlardan keyin yana bir bor o‘zimizni imtihon qilaylik. Shu paytgacha nimalar qildik va bundan keyin nimalar qilishimiz zarurligi haqida o‘ylab ko‘raylik.


Oydin YO‘LDOSHEVA, O‘zA