Raqobat muhitini baholashning samarali tizimi joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Raqobat muhitini baholashning samarali tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida” 2022 yil 8 apreldagi PF-101-son Farmoniga muvofiq iqtisodiyotda raqobat muhiti holatini baholash bo‘yicha Raqobat rivojlanishi indeksi joriy qilingan va Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huduqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan Indeksni hisoblashning vaqtincha metodikasi ishlab chiqilgan edi.
Indeks quyidagi asosiy baholash yo‘nalishlarini nazarda tutadi:
tovar va moliya bozorlaridagi raqobat muhiti, mazkur bozorlarga kirish uchun to‘siqlarning bartaraf etilganligi, energiya resurslaridan ishonchli va barqaror foydalanish imkoniyati hamda ushbu resurslar bilan ta’minlanganlik holati, xususiy mulk daxlsizligi va yer munosabatlarining rivojlanganligi, transport va kommunikatsiya tarmoqlaridan (shu jumladan, internet) foydalanish, muqobil transport vositalarining o‘zaro bog‘liqligi va rivojlanganligi, shu jumladan, logistika samaradorligi.
Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, indeksni hisoblash uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etuvchi vazirlik va idoralarning ro‘yxati tasdiqlanadi.
Ro‘yxatda nazarda tutilgan vazirlik va idoralar har yili 1 aprelga qadar tegishli ma’lumotlarni Raqobat qo‘mitasiga taqdim etadi.
Taqdim etilgan ma’lumotlar hamda Metodika asosida Raqobat qo‘mitasi iqtisodiyotda raqobat muhitini baholab boradi.
Raqobat qo‘mitasi dar yili 1 iyunga qadar avvalgi hisobot yili bo‘yicha Indeksni hisoblash natijalari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot berib boradi.
Indeksni hisoblash natijalari Raqobat qo‘mitasining rasmiy veb-sayti hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib boriladi.
Indeksni hisoblash ishlari Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Indeksni yuritish bilan bog‘liq barcha xarajatlar Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobatni rivojlantirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
O‘zA