Raqamli texnologiyalar vaziri Boyovutda bo‘ldi
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish, bog‘ yaratish aksiyasi o‘tkazildi. Aksiyada raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ham ishtirok etdi.
Ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan mazkur tadbirda besh mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Bu boradagi ishlarda mahalliy hokimlik vakillari, yoshlar, nuroniylar va IT park rezidentlari faollik ko‘rsatib, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish, bog‘ yaratish ishlariga munosib hissalarini qo‘shishdi.



Sherzod Shermatov tumandagi IT park faoliyati bilan tanishdi. Yoshlarning dasturlash, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha bilimlarini oshirish, ularning intellektual salohiyatlarini yuzaga chiqarish borasida olib borilayotgan ishlar, ushbu sohani rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturi va uning ijrosi muhokama qilindi.



Shu bilan birga, bu yo‘nalishlardagi ishlar O‘zbekistonning kelajagi uchun muhim ahamiyat kasb etib, aholining farovonligi va ijtimoiy xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlanib, kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri