Raqamli texnologiyalar va innovatsion yondashuv – suv tejamkorligining muhim omili
Bugungi kunda dunyo miqyosida iqlim o‘zgarishi va suv resurslari tanqisligi tobora dolzarb masalaga aylanmoqda. Shu bois mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish hamda ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, Qizilqum sahrosi hududida faoliyat yuritayotgan Navoiy kon-metallurgiya kombinatida suvdan samarali foydalanish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Bu borada yosh mutaxassislarning innovatsion g‘oyalari va ratsionalizatorlik takliflarini qo‘llab-quvvatlash orqali ishlab chiqarishda resurs tejamkor texnologiyalar keng tatbiq etilmoqda.
Jumladan, kombinatning Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi Nazorat-o‘lchov asboblari va avtomatika markaziy laboratoriyasi mutaxassislari tomonidan suv resurslarini 30 foizdan 60 foizgacha tejash imkonini beruvchi avtomatik sug‘orish boshqaruv tizimi yaratildi. Mazkur innovatsion ishlanma o‘tgan yil kuz mavsumida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi.
– Loyihani ishlab chiqish jarayonida amaldagi sug‘orish tizimlaridagi kamchiliklar, xususan, suvning ortiqcha sarflanishi, tuproq namligining aniq nazorat qilinmasligi va inson omili bilan bog‘liq muammolar chuqur o‘rganildi, – deydi laboratoriya boshlig‘i Sardor Norboyev. – Natijada zamonaviy elektronika, “aqlli” sensorlar va intellektual boshqaruv texnologiyalari asosida mutlaqo yangi tizim yaratildi. Ushbu boshqaruv tizimi sug‘orish jarayonini inson ishtirokisiz, yuqori aniqlikda va belgilangan me’yorlar asosida amalga oshirish imkonini beradi. Qurilma sug‘oriladigan maydon relefini avtomatik tarzda hisobga oladi, tuproq namligini real vaqt rejimida kuzatib boradi va zarur miqdordagina suv berishni ta’minlaydi. Bu esa suv resurslarini tejash, ortiqcha sug‘orish holatlarining oldini olish hamda xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qisqartirishga xizmat qilmoqda.

Eng muhimi, mazkur loyiha mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va “yashil” texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasidir. Bugungi kunda kombinat mutaxassislari tomonidan yaratilgan ushbu avtomatlashtirilgan tizimni “Pistali” koni hududidagi Alisher Navoiy bog‘ida joriy etish rejalashtirilgan.
Loyiha muallifi, laboratoriya boshlig‘i Sardor Norboyev mazkur ratsionalizatorlik taklifi bilan “Eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi” tanlovida ishtirok etib, atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Shubhasiz, bunday innovatsion yechimlar suv resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va atrof-muhitni muhofaza qilish borasida muhim ahamiyat kasb etib, barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri