Raqamli texnologiyalar suv resurslarini boshqarishning samarali yechimiga aylanmoqda
Bugun Suvchilar maktabida iqlim ma’lumotlari asosida sug‘orishni rejalashtirish hamda “SMARTWATER” dasturining imkoniyatlarini yanada kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda Suv xo‘jaligi vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot hamda oliy ta’lim muassasalari, xalqaro moliya institutlari, donor va hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Hududiy suv xo‘jaligi tashkilotlari mutaxassislari esa tadbirga onlayn tarzda qo‘shildi.
Tadbirni suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Mirolimjon Karimov ochib, iqlim o‘zgarishi va suv resurslariga bo‘lgan bosim ortib borayotgan sharoitda suvdan tejamkor va samarali foydalanish eng ustuvor vazifalardan biriga aylanganini ta’kidladi.

Aytish joizki, iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi tobora kuchayib borayotgan sharoitda suv resurslarini har tomonlama tejash va ulardan oqilona foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa suv xo‘jaligida raqamli texnologiyalar, zamonaviy yondashuvlar va ilmiy ishlanmalarni keng joriy etishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi ko‘magida amalga oshirilayotgan loyihalar sohada zamonaviy boshqaruv usullarini tatbiq etish hamda suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan.
Davra suhbatida “SMARTWATER” dasturining yangi imkoniyatlari taqdim etildi. Unag ko‘ra, mazkur dastur ekinlarning suvga bo‘lgan ehtiyojini aniq hisoblash, ortiqcha suv sarfining oldini olish va mavjud suv resurslaridan yanada samarali foydalanishda muhim hisoblanadi.

Muhokamalar chog‘ida Sirdaryo viloyatining tumanlaridan birida “SMARTWATER” dasturi asosida sug‘orish rejimlarini belgilash bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish taklifi ilgari surildi. Shuningdek, dasturning funksional imkoniyatlarini kengaytirish, uni turli tuproq-iqlim sharoitlariga moslashtirish va amaliyotga keng joriy etish yuzasidan takliflar bildirildi.
Davra suhbati yakunida “SMARTWATER” dasturining funksional imkoniyatlarini yanada kengaytirish va uni suv xo‘jaligi amaliyotiga bosqichma-bosqich tatbiq etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA