Raqamli texnologiyalar rivoji yo‘lida
Namangan davlat texnika universitetida respublika Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi hamkorligida “Infoteach-2025” forumi tashkil etildi.
Anjumanda bir qator oliy o‘quv yurtlari va kompaniyalar vakillari, ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan uch yuzga yaqin informatika fani o‘qituvchilari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishi mas’ullari qatnashmoqda.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida respublika Raqamli texnologiyalar vazirining o‘rinbosari Rustam Karimjonov yosh avlodning “IT” sohasidagi yutuqlari, bevosita zamonaviy texnologiyalarni chuqur o‘rganishga bog‘liqligini ta’kidladi. Bu borada pedagoglarning mehnati yuksak baholanib, jamiyat rivojida muhim o‘ringa egaligi alohida qayd etildi.

Forum doirasida “Sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlari”, “Grafik dizaynning zamonaviy tendensiyalari”, “Robototexnika sohasidagi innovatsion yondashuvlar”, “Raqamli ta’lim vositalarining samarali qo‘llanilishi” kabi mavzularda taqdimot va muhokamalar o‘tkazildi.
Mazkur forum o‘z ishini ikki kun davomida Chust va Uchqo‘rg‘on tumanlarida davom ettirib, ularda har ikki hududda ish olib borayotgan tegishli pedagoglar faol ishtirok etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA