Raqamli texnologiyalar davrida nemis tilini o‘qitish
O‘zbekistondagi Gyote institutida “Raqamli texnologiyalar davrida nemis tilini o‘qitish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy onlayn anjuman o‘tkazildi.
Anjuman O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi Chet tillarini o‘qitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazi, Germaniya Akademik almashuv xizmati (DAAD)ning “Dhoch3” ta’lim dasturi, “O‘zbekistonda xorijiy tillar” elektron ilmiy-metodik jurnal va Internet portali fledu.uz hamkorligida o‘tkazildi.
Zamonaviy ilm-fanning eng dolzarb ilmiy mavzulari, yangi o‘quv dasturlar, texnik va uslubiy ishlanmalarga e’tibor qaratildi.
[gallery-199]
Anjumanda ta’lim sohasi, xususan, chet tillarini o‘qitish sohasidagi innovatsion texnologiyalar, yangi o‘quv-uslubiy, texnik imkoniyatlar, zamonaviy pedagogika muammolari, dolzarb masalalari yuzasidan fikrlashildi. Ta’limning barcha bosqichlarida nemis tilini o‘qitish jarayonining eng so‘nggi tadqiqotlari, shuningdek, raqamli texnologiyalar sohasidagi ilg‘or xorijiy va milliy tajribani joriy etish natijalari haqida so‘z yuritildi.
Shu’balarga bo‘lingan holda olib borilgan anjumanda oliy ta’lim tizimida DLL dasturi, uni amaliyotda qo‘llash, natija va muammolari tahlil qilindi. Shuningdek, uzluksiz ta’lim, nemis tili bo‘yicha pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimida zamonaviy dasturlar va raqamli texnologiyalardan foydalanishga e’tibor qaratildi.
B.Meliqulova, O‘zA