Raqamli davrda bolani qanday himoya qilish mumkin?
Bugun axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan, sun’iy intellekt kundalik hayotga kirib kelgan, ijtimoiy munosabatlarning katta qismi raqamli muhitga ko‘chgan sharoitda bolalar duch kelayotgan xavf-xatarlar o‘zgardi. Shu bois dunyoning ko‘plab davlatlarida bola huquqlariga oid qonunchilik tubdan yangilanmoqda. Bu islohotlar mazmunan turlicha bo‘lsa-da, ularning maqsadi yagona — bola uchun xavfsiz, adolatli va barqaror huquqiy muhit yaratish. Qiyosiy tahlil shuni ko‘rsatadiki, bugun davlatlar alohida qonunlarni qabul qilish bilan cheklanmayapti. Aksincha, bola huquqlarini ta’minlashning mutlaqo yangi modelini shakllantirmoqda.
Mazkur yondashuv, avvalo, to‘rtta ustuvor yo‘nalishga tayanadi: raqamli makonda bolalar xavfsizligini ta’minlash; huquqbuzarlik va zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan profilaktik mexanizmlarni kuchaytirish; bola va oilani davlat ijtimoiy siyosatining markaziy ob’ekti sifatida e’tirof etish hamda bola huquqlarini himoya qiluvchi institutlarni zamonaviy talablar va xalqaro standartlar asosida takomillashtirish.
So‘nggi yillarda eng katta o‘zgarishlar aynan raqamli muhitni huquqiy tartibga solish sohasida kuzatilmoqda. 2024-yil oxirida Avstraliya parlamenti xalqaro miqyosda katta muhokamalarga sabab bo‘lgan qonunni qabul qildi. Unga ko‘ra, o‘n olti yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishi taqiqlandi. Eng muhimi, mazkur talabga rioya etish mas’uliyati raqamli platformalarning o‘ziga yuklatildi. Endi ular foydalanuvchilar yoshini ishonchli usullar bilan tekshirishi shart. Aks holda, katta miqdordagi jarimalar qo‘llaniladi.
Bu yondashuvning mazmuni oddiy. Agar yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish uchun avtomobil ishlab chiqaruvchilari xavfsizlik kamari yoki havo yostiqchasini o‘rnatishi shart bo‘lsa, raqamli platformalar ham bolalar xavfsizligi uchun huquqiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak. Demak, muammoning yechimi raqamli muhitning o‘zi xavfsiz bo‘lishini ta’minlashdir.
Avstraliya bu borada yakka emas. Norvegiya ijtimoiy tarmoqlar uchun o‘n olti yosh chegarasini taklif qilmoqda. Fransiya, Italiya va Gretsiya o‘n besh yoshlik cheklov modelini rivojlantiryapti. Bu jarayon Yevropa bilan cheklanib qolgani yo‘q. Qozog‘iston va Ozarbayjonda ham bolalarning raqamli xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni joriy etish masalasi faol muhokama qilinmoqda.
Biroq, bu islohotlarning mazmuni yosh cheklovlarini belgilash bilan tugamaydi. AQSHning ayrim shtatlarida voyaga yetmaganlar uchun algoritmlar asosida shakllantiriladigan kontent lentalari, tungi vaqtda xabarnomalar yuborish va yoshni tekshirish mexanizmlariga nisbatan qo‘shimcha talablar joriy etilmoqda. Yevropa Ittifoqida esa bolalar akkauntlarini avtomatik ravishda maxfiy rejimda yuritish, tavsiya etuvchi algoritmlarni qayta sozlash, qaramlikni kuchaytiruvchi funksiyalarni cheklash hamda sun’iy intellekt asosida ishlaydigan raqamli xizmatlarga nisbatan qo‘shimcha xavfsizlik talablarini belgilash taklif etilmoqda.
Shu bilan birga, davlatlar bolaning raqamli shaxsiyatini ham mustaqil huquqiy qadriyat sifatida himoya qilishga kirishdi. Masalan, Nyu-York shtati bolalarning shaxsiy ma’lumotlarini ularning roziligisiz yig‘ish va qayta ishlashni cheklagan bo‘lsa, Fransiya ayrim hollarda bolaning suratini uning manfaatlariga zid ravishda ommaga tarqatishni sud orqali taqiqlash imkoniyatini yaratdi.
Zararli axborotdan muhofaza qilish ham ustuvor vazifaga aylanmoqda. Qozog‘iston suitsid va zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi materiallarga qarshi huquqiy choralarni kuchaytirdi. Belarus kompyuter o‘yinlarini yosh toifalari bo‘yicha majburiy belgilash tizimini joriy qildi. Braziliya ta’lim jarayonida elektron qurilmalardan foydalanishni chekladi. Daniya esa maktabgacha ta’lim muassasalarida raqamli qurilmalardan foydalanishni qisqartirishga qaror qildi.
Davlatlar raqamli muhitning o‘ziga yangi huquqiy talablar qo‘yishga o‘tmoqda. Endi asosiy vazifa texnologiyalarni bolalar huquqlari talablariga moslashtirishdan iborat. Ana shu yondashuv XXI asrda bola huquqlari sohasida shakllanayotgan eng muhim siyosiy-huquqiy tendensiyalardan biriga aylanayotir.
Bola huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro tajriba yana bir muhim xulosani ko‘rsatmoqda: davlatlar endilikda huquqbuzarlikning oldini olishga ustuvor ahamiyat bermoqda. Agar avval bolalarni himoya qilish asosan jazoni kuchaytirish bilan bog‘langan bo‘lsa, bugungi islohotlar xavfni erta aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan profilaktik yondashuvga tayanmoqda.
Bu tendensiya, ayniqsa, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Masalan, Niderlandiya onlayn ta’qib va internet orqali shahvoniy mazmundagi yozishmalarni mustaqil jinoyat sifatida e’tirof etdi. Qirg‘iziston esa bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni yanada kuchaytirdi. Biroq, eng muhim yangilik xavf tug‘diruvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan tizimli mexanizmlarni joriy etishdadir.
Polshada bolalar bilan ishlovchi barcha muassasalar uchun yagona himoya standartlari qabul qilindi. Endi maktab, bog‘cha, sport to‘garagi yoki boshqa muassasa bolalar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha bir xil talablarga amal qiladi. Bu yondashuvni oddiy hayotiy misol bilan tushuntirish mumkin: yong‘in chiqqanidan keyin uni o‘chirishdan ko‘ra, binoni yong‘inga qarshi talablar asosida qurish samaraliroq. Bola huquqlarini himoya qilishda ham xuddi shunday yondashuv ustuvor bo‘lib bormoqda.
Finlyandiyada esa yanada samarali mexanizm shakllantirildi. “Barnahus” modeli doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shifokorlar, psixologlar va ijtimoiy xizmatlar bir tizimda ishlaydi. Natijada jabrlangan bola turli idoralarga qatnab yurishga majbur bo‘lmaydi. Aksincha, davlat xizmatlari uning atrofida birlashadi. Bu esa bolaning ruhiy holatiga salbiy ta’sirni kamaytirish bilan birga, muammoni tezkor hal etish imkonini ham yaratadi.
Xorijiy tajriba yana bir muhim haqiqatni tasdiqlamoqda. Bola huquqlarini ta’minlashni oila institutisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki bolaning huquqlari eng avvalo sog‘lom, barqaror va mehr-oqibatli oila muhitida ro‘yobga chiqadi.
Shu sababli ko‘plab davlatlarda ota-onalarning mas’uliyatini oshirish, farzand tarbiyasida har ikki ota-onaning ishtirokini ta’minlash hamda ajrashish holatlarida ham bolaning manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar joriy etilmoqda.
Masalan, Germaniya va Polshada birgalikdagi vasiylik instituti keng qo‘llanilmoqda. Bu bolaning har ikki ota-ona bilan munosabatini saqlab qolishga xizmat qiladi. Qirg‘izistonda aliment undirish tartibi soddalashtirildi. Bu esa bolaning moddiy ta’minotini tezroq hal qilish imkonini bermoqda. Belarusda esa oilaviy munosabatlarda mas’uliyat madaniyatini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu misollardan ko‘rinadiki, zamonaviy davlatlar uchun bola huquqlarini ta’minlash oilani mustahkamlashdan ajralmas jarayon hisoblanadi. Zero, mustahkam oila bola huquqlarining eng ishonchli kafolatidir.
So‘nggi yillarda davlatlar siyosatida yana bir muhim yondashuv shakllandi. Bolalarga ajratiladigan mablag‘lar mamlakat kelajagiga kiritilayotgan investitsiya sifatida baholanmoqda.
Bu siyosat turli mamlakatlarda turlicha namoyon bo‘lmoqda. Yaponiya va Polsha bolalar nafaqalarini oshirish orqali oilalarni qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, Moldova nogironligi bo‘lgan bolalar uchun avtomatik moddiy yordam tizimini yo‘lga qo‘ydi. Qozog‘iston esa yanada uzoq muddatli mexanizmni tanladi. Unda milliy jamg‘arma daromadlarining bir qismi har bir bola nomiga jamg‘arilib, uning kelajagi uchun moliyaviy asos yaratiladi.
Bu yondashuv oddiy haqiqatga tayanadi: bolaga sarflangan mablag‘ xarajat emas. Sog‘lom, bilimli va raqobatbardosh avlodni tarbiyalash orqali davlat o‘zining ertangi iqtisodiy va intellektual salohiyatini shakllantiradi. Shu bois bolani ijtimoiy ta’minot bilan qo‘llab-quvvatlash inson kapitaliga qaratilgan strategik investitsiya sifatida qaralmoqda.
Qiyosiy tahlil yana bir muhim tendensiyani ko‘rsatadi. Bolaning huquqiy maqomi ham tobora mustahkamlanib bormoqda. Ilgari bola asosan himoya qilinishi lozim bo‘lgan shaxs sifatida qaralgan bo‘lsa, bugun u mustaqil huquq egasi sifatida e’tirof etilmoqda.
Bu o‘zgarish Germaniyada bolalarning protsessual huquqlarini kengaytirish tashabbuslarida, Daniyada bolaning eshitilish huquqini qonun darajasida kafolatlashda, Finlyandiyada esa vasiylik muassasalari faoliyati ustidan sud nazoratini kuchaytirishda o‘z ifodasini topmoqda.
Mazkur islohotlarning barchasini birlashtiruvchi g‘oya bitta: bola endi davlat himoyasi ob’ektigina emas, balki o‘z huquqlari va manfaatlariga ega mustaqil shaxs sifatida qaralmoqda. Bu esa XXI asr bola huquqlari siyosatidagi eng muhim konseptual o‘zgarishlardan biridir.
Bola huquqlarini ta’minlash sohasidagi xalqaro tajriba faqat huquqiy munosabatlar bilan cheklanmaydi. Bolalar salomatligini muhofaza qilish siyosati ham mutlaqo yangi mazmun kasb etmoqda. Agar avval asosiy e’tibor kasallikni davolashga qaratilgan bo‘lsa, bugungi islohotlar bolaning sog‘lom o‘sishi uchun zarur muhitni yaratish, kasalliklarning oldini olish va oilani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilmoqda.
Bu yondashuvni turli davlatlar tajribasida ko‘rish mumkin. Yangi Zelandiya bolalarni to‘liq emlash qamrovini oshirishni strategik maqsad sifatida belgilagan. Ispaniya zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatishning yagona tizimini shakllantirish bilan birga, ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi oilalarni homiladorlik davridan boshlab kuzatish amaliyotini rivojlantirmoqda.
Bu borada Singapur tajribasi alohida e’tiborga loyiq. Mamlakatda tashkil etilgan “Family Nexus” markazlari orqali sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar va ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash bir tizimga birlashtirildi. “Parent Hub” raqamli platformasi esa ota-onalarga bolani parvarish qilish, ovqatlantirish va tarbiyalash bo‘yicha ishonchli ma’lumotlarni yagona manbadan olish imkonini berdi. Natijada davlat muammo kelib chiqqanidan keyin emas, balki uning oldini olish bosqichidayoq oilalarga amaliy ko‘mak ko‘rsatmoqda.
Ayrim mamlakatlar esa bolalar salomatligiga salbiy ta’sir etuvchi tashqi omillarni cheklashga alohida e’tibor qaratayotir. Masalan, Daniyada bolalarga mo‘ljallangan nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari reklamasini cheklash rejalashtirilgan. Qozog‘istonda ta’lim muassasalari uchun yangi ovqatlanish standartlari joriy qilinib, milliy emlash taqvimi kengaytirildi.
Mazkur misollar bolalar salomatligini muhofaza qilish endi faqat shifokorlar vazifasi emasligiga ishora qilmoqda. U ta’lim, ijtimoiy himoya, axborot siyosati va oila institutini qamrab olgan kompleks davlat siyosatiga aylanmoqda.
Shu bilan birga, dunyo mamlakatlari bola huquqlarini himoya qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini ham yangilamoqda. Qonun qabul qilishning o‘zi yetarli emasligi anglanib, uni samarali amalga oshiradigan institutlar faoliyati takomillashtirilmoqda.
Xususan, Qozog‘iston hududiy bolalar ombudsmani institutini joriy etdi va bolalar manfaatlariga qaratilgan milliy konsepsiyani qabul qildi. Qirg‘iziston BMTning bola huquqlariga oid tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy rejani tasdiqladi. Ozarbayjonda esa bolalar haqidagi ma’lumotlarni yagona elektron bazada yuritishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi.
Bu tajribalardan anglashiladiki, bola huquqlarini ta’minlash barcha idoralarning muvofiqlashgan faoliyatini talab etadigan umumdavlat vazifasiga aylanmoqda.
Turli qit’alar va turli huquqiy tizimlarga mansub mamlakatlar tajribasi bir-biridan farq qilsa-da, ularni birlashtiruvchi umumiy qonuniyatlar mavjud.
Avvalo, bola huquqlari endilikda davlat ijtimoiy siyosatining tor yo‘nalishi emas. U raqamli taraqqiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, huquqni muhofaza qilish va davlat boshqaruvini qamrab olgan kompleks siyosatga aylanmoqda.
Ikkinchidan, davlatlar jazolovchi yondashuvdan profilaktik yondashuvga o‘tmoqda. Endi asosiy e’tibor yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni oldindan bartaraf etishga qaratilmoqda.
Uchinchidan, bola tobora mustaqil huquq egasi sifatida e’tirof etilmoqda. Bu esa uning fikri, manfaatlari va huquqlarini davlat qarorlari markaziga olib chiqmoqda.
To‘rtinchidan, raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan sharoitda davlatlar texnologiyalarni bolalar huquqlari talablariga moslashtirish yo‘lini tanlamoqda.
Nihoyat, bolaga sarflanayotgan mablag‘lar mamlakatning kelajak taraqqiyotiga qaratilgan eng muhim investitsiya sifatida baholanmoqda.
Bu xulosalar biz uchun ham muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash va bolalar manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Shu nuqtai nazardan, jahonda shakllanayotgan umumiy huquqiy tendensiyalarni anglash va milliy qonunchilikni ular asosida takomillashtirish uchun o‘rganish muhim.
Ayniqsa, raqamli xavfsizlikni ta’minlash, profilaktikaga asoslangan himoya tizimini kuchaytirish, bolalarga xizmat ko‘rsatuvchi davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, zamonaviy axborot tizimlarini rivojlantirish hamda har qanday qaror qabul qilishda bolaning eng yaxshi manfaatlarini ustuvor mezon sifatida belgilash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi.
XXI asr bola huquqlarini himoya qilish sohasida yangi bosqichni boshlab berdi. Endi masala bolani mavjud xavf-xatarlardan muhofaza qilish bilan cheklanmaydi. Asosiy vazifa — uning to‘laqonli rivojlanishi uchun xavfsiz, adolatli va imkoniyatlarga boy huquqiy muhitni yaratish.
Zero, bolaga berilgan huquqiy kafolatlar har qanday davlatning ertangi taraqqiyoti, intellektual salohiyati va barqaror kelajagiga qo‘yilgan eng ishonchli sarmoyadir.
Otabek RO‘ZMETOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi
Parlament tadqiqotlari instituti
Bosh ilmiy xodimi
O‘zA