Raqamli bojxona korrupsiyaning oldini oladi
Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan jurnalistlar va blogerlar uchun «Raqamli bojxona: Toshkent viloyatining «Masofaviy elektron deklaratsiyalash» bojxona posti faoliyatiga nazar» mavzusida press-tur tashkil qilindi.
So‘nggi yillarda bojxona ma’murchiligini isloh etish, bojxona organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish, «raqamli bojxonani» shakllantirish hamda tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga qulayliklar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 10 sentyabrdagi «Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va davlat bojxona xizmati organlari tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni bojxona tartib-taomillarini soddalashtirishda ilg‘or raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali faoliyat samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur hujjat bilan joriy yilning 1 oktyabr sanasidan boshlab Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent, Sirdaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari bo‘yicha boshqarmalarida bojxona tartibotlarini masofaviy boshqarish orqali inson omilini keskin qisqartirish borasida yangicha tizim – “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari tashkil etildi. 2022 yil 1 apreldan boshlab Davlat bojxona qo‘mitasining boshqa hududiy boshqarmalarida ham mazkur turdagi bojxona postlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Ta’kidlash joizki, bu kabi amaliyot bir qator xorijiy davlatlarda, jumladan, Rossiya, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Janubiy Koreya, Yaponiya va Turkiyada yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Rossiyada 2018-2020 yillarda sinov tariqasida 600 ta rasmiylashtiruv postlari o‘rniga 16 ta elektron deklaratsiyalash markazlari tashkil etilib, hozir ular tomonidan 99 foiz yuklar rasmiylashtirilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlarining bosqichma-bosqich joriy etilishi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun yanada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, korrupsiya omillariga barham berish, bojxona organlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash, bojxona xodimi va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari o‘rtasida muloqotni keskin qisqartirishga xizmat qiladi.
Tadbir avvalida jurnalistlarga «Raqamli O‘zbekiston bojxonasi» ko‘rgazmali taqdimoti va sohadagi islohotlarga bag‘ishlangan maxsus videorolik namoyish etildi.
So‘nggi 5 yilda mamlakatimiz davlat bojxona xizmati organlari faoliyati ham tubdan yangilandi. Eng avvalo, tizimga «Raqamli bojxona» tamoyilining keng joriy qilinayotgani tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining vaqti va ortiqcha xarajatlarini tejashga xizmat qilmoqda. Keng miqyosda joriy qilinayotgan «Xavflarni boshqarish», «Yagona darcha» kabi bojxona axborot tizimlari va elektron xizmatlar ko‘magida bojxona nazorati va rasmiylashtiruviga sarflanayotgan vaqt qisqarmoqda. Bojxona nazoratida ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etilishi natijasida bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish vaqti eksportda 1,7 barobarga, importda esa 1,4 barobarga qisqargan. Shu bilan birga, 76 foiz BYUDlar soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilgan, bu ko‘rsatkich eksportda 84 foizni va importda 74 foizni tashkil etadi.
Biroq, tahlillar ilg‘or raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali bojxona tartib-taomillarini yanada soddalashtirish mumkinligini ko‘rsatmoqda. Press-turda jurnalistlar Toshkent viloyati bojxona boshqarmasida tashkil etilgan «Masofaviy elektron deklaratsiyalash» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida yaratilgan sharoitlar, bu yerdagi bojxona rasmiylashtiruvi jarayonini soddalashtirish, bojxona nazoratining shakl va usullarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Ayni paytda «Masofaviy elektron deklaratsiyalash» bojxona postida 31 nafar xodim xizmat qiladi. O‘tgan davr mobaynida bojxona postida bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirilib, ular bo‘yicha 701,5 milliard so‘mlik bojxona to‘lovlari davlat byudjetiga o‘tkazilgan. Mazkur post orqali tadbirkorlarimiz tomonidan ishlab chiqarilgan salkam 445 million dollardan ziyod mahsulotlar xorijga eksport qilingan. Tadbir ishtirokchilari viloyat bojxona boshqarmasining foydalanishga topshirilgan yangi binosida yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi.
Ikki yil avvalezgu niyatlar bilan Nurafshonda Toshkent viloyati bo‘yicha bojxona boshqarmasining yangi ma’muriy binosiga ilk tamal toshi qo‘yilgan bo‘lsa, o‘tgan qisqa vaqtda zamonaviy ma’muriy bino bunyod etildi. Mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgan mazkur bino bojxonachilar uchun chinakam bayram tuhfasi bo‘ldi.
Toshkent viloyati bo‘yicha bojxona boshqarmasidan turib barcha tashqi iqtisodiy faoliyat va chegara-bojxona postlaridagi vaziyatni kuzatib borish va o‘zaro axborotlar almashish yanada takomillashdi. Bojxona ob’ektlaridagi yuzlab, minglab videokuzatuv kameralari bu yerda yagona nuqtaga jamlanadi va tasvirlarni istalgan vaqt va masshtabda kuzatib borish mumkin.
Press-tur davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldi.
A.Musayev,O‘zA.