Raqamlashtirish: tibbiy xizmat sifati yangi bosqichga ko‘tariladi
Bugungi kunda mamlakatimizda raqamlashtirish orqali sohalar faoliyati, imkoniyatlar ko‘lami, xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi yanada yuqori bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu borada Andijon viloyati sog‘liqni saqlash tizimida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-dekabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish hamda ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida boshqarma tizimidagi tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, - deydi Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Shohruxmirzo Mamajonov. - Xususan, tibbiyot muassasalariga sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 837 dona monoblok, 2 ming 200 dona planshet, 45 dona infokiosk, 143 dona noutbuk va boshqa texnik jihozlar taqdim etildi. Shuningdek, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 3 ming 565 dona kompyuter, 1 ming 137 dona planshet, 125 dona infokiosk va boshqa 14 turdagi texnika vositalari xarid qilindi. Shu tariqa Xonobod shahar, Bo‘ston, Shahrihon tumanlarining texnikalarga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplandi.
Umuman, bugungi kunga qadar viloyat bo‘yicha boshqarma tizimidagi tibbiyot muassasalar 6 ming 730 dona kompyuter, 3 ming 600 dona planshet va boshqa 14 turdagi 6 mingdan ortiq axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlangan.
Shuningdek, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida 190 ta tibbiy muassasada internet tezligi 10→100 Mbit/s, 55 tasida 20→300 Mbit/s.ga oshirildi. Jami 266 tibbiyot muassasasi raqamli tizimlarga ulandi, 261 tasi DMED tizimida faollashtirildi, 17 tuman tibbiyot birlashmasi, 226 birlamchi tibbiy-sanitariya, 261 ta davolash muassasasi «Ombor» moduliga ulandi, 34 ta muassasada «Kassa» moduli ishga tushirildi. Kassalarga onlayn videokuzatuv o‘rnatilib, ularning barchasi raqamli markazga ulandi.
Bundan tashqari, viloyatdagi 818 ta xususiy klinikaning 720 tasi, 1 ming 61 ta xususiy dorixonaning barchasi DMED «Elektron retsept» moduliga ulangan.
Viloyatning barcha tumanlarida reimbursatsiya, ya’ni ambulator (uy sharoitida) davolanayotgan surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga oilaviy shifokor tomonidan yozib beriladigan elektron retsept asosida dori vositalari xarajatlarini davlat byudjeti va davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berish (bepul taqdim etish) tizimi hududga kiritildi.
Dorixonalarni integratsiya qilish va shartnomalar tuzish bo‘yicha 45 ta LIST, 22 ta PACS — jami 67 ta uskuna axborot tizimiga, shuningdek, 2 ming 510 ta planshet internetga ulangan, 150 ta tibbiy brigada uchun “treking” tizimi joriy etilgan. Qolaversa, 261 ta tibbiy muassasada «Muxlisa AI», 261 tasida «TOP-3» (diagnoz) AI tizimlari joriy etilgan, 2 ming 200 nafar soha xodimi IT tizimi bo‘yicha o‘qitildi.
Joriy yilda viloyatning barcha tuman, shaharlaridagi tibbiyot muassasalari faoliyatini raqamli monitoring qilish hamda raqamlashtirish jarayonlarini markazlashgan holda nazorat qilish maqsadida Raqamli sog‘liqni saqlash markazi barpo etildi. Mazkur markaz viloyat sog‘liqni saqlash tizimida raqamli boshqaruvni rivojlantirish, tuman va shaharlar kesimida axborot tizimlarining ishlash holatini kuzatish, mavjud muammolarni tezkor aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini muvofiqlashtirishda muhim infratuzilma hisoblanadi.
Boshqarma, tuman, shahar tibbiyot birlashmalari mutaxassislari tomonidan tizimda raqamlashtirish ishlarini to‘laqonli amalga oshirish uchun qo‘shimcha texnika vositalariga bo‘lgan talab va ehtiyoj o‘rganilib borilmoqda. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, ayni paytda 2 ming 510 dona kompyuter, 872 dona planshet, 291 dona aqlli monitor, 120 dona printer, 490 dona termoprinter, 330 ta MyID tizimi uchun kamera zarurligi aniqlandi. Tibbiy muassasalarni ana shu texnika vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Andijon viloyati sog‘liqni saqlash tizimida raqamlashtirish jarayonlari izchil amalga oshirilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, eng avvalo, aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri