Raqamlar va narxlar... Birjada bir haftada nimalar roʻy berdi?
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 386,5 milliard soʻmni tashkil qilib, avvalgi haftaga nisbatan 11,7 foiz oʻsgan.
“Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi”dan OʻzAga maʼlum qilishicha, oʻtgan haftada barcha savdo platformalarida 1 019,1 milliard soʻmlik tovarlar sotilgan. Bu avvalgi haftaga nisbatan 22,5 foizga koʻpdir.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 386,5 milliard soʻmni tashkil qilib, avvalgi haftaga nisbatan 11,7 foiz oʻsgan.
Davlat xaridlari tizimlarida oʻtkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining 14,9 milliard soʻmlik mablagʻlari tejaldi.
Koʻrib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 804 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 5,1 mlrd soʻmni tashkil qildi.
Oʻtgan haftada birja savdolari orqali 891,2 milliard soʻmlik tovar resurslari sotildi, bu esa avvalgi haftaga nisbatan 26,0 foiz koʻpdir.
Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qoʻyishdi. Misol uchun, paxta yogʻi.
Oʻtgan haftada birja savdolariga 1 353,0 tonna paxta yogʻi qoʻyildi va ulardan 1 164,0 tonnasi, yaʼni 86,foizi sotildi. Hafta davomida paxta yogʻining boshlangʻich narxi oʻrtacha 10,5 foizga koʻtarildi. Natijada paxta yogʻining kunlik oʻrtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 11 390,6 ming soʻmdan 12 836,9 ming soʻmgacha, yaʼni 12,7 foizga oʻsdi. Hafta yakunlariga koʻra 1-navli paxta yogʻining haftalik kotirovkasi 0,5 foizga oʻsib, mahsulotni bir tonnasi uchun 10 720,0 ming soʻmni tashkil etdi.
Shakar
Hafta davomida birja savdolariga 2 756,0 tonna shakar qoʻyildi va ulardan 838,0 tonnasi, yaʼni 30,4 foizi sotildi.
Koʻrib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi boʻyicha shakllangan kunlik oʻrtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 5 829,5 ming soʻmdan 5 851,6 ming soʻmgacha, yaʼni 0,4 foizga oshdi. Oʻtkazilgan birja savdolari natijasida shakarning 3-kategoriyasi boʻyicha shakllangan oʻrtacha haftalik narxi avvalgi haftaga nisbatan deyarli oʻzgarmadi va mahsulotni bir tonnasi uchun 5 843,9 ming soʻmni tashkil etdi.
Benzin
Oʻtgan haftada birja savdolariga 51 498,0 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qoʻyildi va ulardan 11 918,1 tonnasi, yaʼni 23,1 foizi sotildi.
Koʻrib chiqilayotgan davrda AI-80 markali avtomobil benzinning kunlik oʻrtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 4 855,9 ming soʻmdan 4 899,3 ming soʻmgacha, yaʼni 0,9 foizga koʻtarildi.
Koʻrib chiqilayotgan davrda AI-80 rusumli avtomobil benzinning oʻrtacha haftalik kotirovkasi benzinning bir tonnasi uchun 4 904,8 ming soʻmni, AI-91 benzinining oʻrtacha haftalik kotirovkasi benzinning bir tonnasi uchun 5 668,6 ming soʻmni tashkil etdi.
Eslatib oʻtamiz, turli manbalarda keltirishicha avtomobil benzinining bir tonnasi oʻrtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.