Raqamlar ortidagi rivojlanish: Yangi O‘zbekiston qanday o‘zgarmoqda?
Hamma narsa taqqoslash va solishtirishda, qiyoslaganda yaqqol ayon bo‘ladi. Bugun mamlakatimizda kechayotgan islohotlarning natijadorligi, ularning jahon reytinglaridagi o‘rni qanday? Mazkur natijalar mamlakatimiz hayotida qanday ahamiyatga ega?
Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Jahongir Isayev O‘zA muxbiriga bu haqda quyidagilarni gapirib berdi:
– Bugungi globallashgan dunyoda davlatlarning nufuzi faqat geografiyasi, tabiiy boyliklari yoki harbiy qudrati bilan emas, balki ular haqida shakllangan tasavvur — ishonch, shaffoflik va barqarorlik bilan ham o‘lchanadi. Bu tasavvurni shakllantirishda xalqaro reyting va indekslar alohida o‘rin tutadi. Ular zamonaviy dunyo oynasi kabi. Har bir mamlakat unda o‘z aksini ko‘radi — ba’zan yorqin, ba’zan esa kamchiliklari bilan namoyon bo‘ladi.
Xalqaro reyting va indekslar davlatlarning siyosiy-huquqiy taraqqiyoti, islohotlar sur’ati va institutsional salohiyati haqida jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi muhim axborot vositasiga aylandi. Ana shunday manbalardan biri — Qonun ustuvorligi indeksi (Rule of Law Index) bo‘lib, u World Justice Project (WJP) tomonidan tayyorlanadi. WJP o‘zini qonun ustuvorligini global miqyosda ilgari surishga qaratilgan mustaqil, ko‘p tarmoqli tashkilot sifatida tavsiflaydi. Tashkilotning rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilgi indeks 143 mamlakat va hududni qamrab olgan, baholash 8 ta omil va 44 ta subomil asosida tuzilgan hamda 215 mingdan ortiq aholi so‘rovi va 4 100 dan ziyod huquqshunos hamda ekspert javoblariga tayangan. Demak, bu hisobotga yengil-yelpi emas, jiddiy tahliliy manba sifatida qarash lozim.
2025-yilgi WJP hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 143 davlat orasida 81-o‘rinni, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida 15 davlat ichida 8-o‘rinni egallagan. Eng muhim jihati shundaki, global miqyosda davlatlarning 68 foizida qonun ustuvorligi ko‘rsatkichi pasaygan bir sharoitda O‘zbekiston natijasi yaxshilangan kam sonli mamlakatlar qatorida qayd etilgan. Hisobotda yana “Tartib va xavfsizlik” (Order and Security) omili bo‘yicha mamlakat 17-o‘rinni, mintaqada 1-o‘rinni egallagani, “Korrupsiyadan xolilik” (Absence of Corruption) bo‘yicha 67-o‘rin, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov tizimi (Civil Justice) bo‘yicha 73-o‘rin, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov tizimi (Criminal Justice) bo‘yicha 68-o‘rinda qayd etilgani ko‘rsatilgan. Yana bir muhim jihati, hisobotda ko‘plab davlatlarda sud hokimiyati mustaqilligiga bosim o‘tkazilayotgani va fuqarolik ishlari bo‘yicha sud tizimi zaiflashayotgani qayd etilgan. Shu bilan birga, O‘zbekistonda bunday salbiy holatlar kuzatilmayotgani alohida e’tirof etilgan.
Shu nuqtada eng muhim masalani to‘g‘ri qo‘yish zarur: gap faqat “O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?” degan savolda emas. Asosiysi “bu o‘rin ortida qanday siyosiy, ijtimoiy va madaniy manzara turibdi?” degan savoldir. Chunki har qanday indeks, hatto professional va puxta metodologiyaga ega bo‘lsa ham, baribir muayyan nazariy yondashuvga tayanadi. WJPning o‘zi ham o‘z metodologiyasida indeks mamlakat holatining to‘liq manzarasini emas, aniq tanlangan omillar orqali qonun ustuvorligining muayyan qirralarini o‘lchashini ko‘rsatadi. Shuning uchun bunday reytingni mutlaq hukm sifatida emas, tahlil uchun muhim signal sifatida qabul qilish to‘g‘riroq bo‘ladi.
Bunday yondashuv, aslida, xalqaro kun tartibining o‘ziga ham mos keladi. BMTning 2030 kun tartibida barqaror rivojlanish maqsadlari barcha davlatlar uchun umumiy ekani, biroq ularni amalga oshirishda “turli milliy realliklar, imkoniyatlar va rivojlanish darajalari” hisobga olinishi, milliy siyosat va ustuvor yo‘nalishlarga hurmat saqlanishi lozimligi aniq qayd etilgan. Boshqacha aytganda, xalqaro hamjamiyatning o‘zi ham taraqqiyotni bir xil qolip bilan emas, milliy sharoit, institutlar va jamiyatning ichki xususiyatlari bilan birga baholash zarurligini tan oladi. Demak, O‘zbekistonni faqat g‘arbda shakllangan siyosiy-huquqiy mezonlar orqali o‘lchash har doim ham to‘liq va adolatli manzara bermaydi.
Ayniqsa, davlat boshqaruvining ochiqligi (Open Government), asosiy huquq va erkinliklar (Fundamental Rights), fuqarolik ishtiroki (Civic Participation), fikr va so‘z erkinligi (Freedom of opinion and expression), yig‘ilish va birlashish erkinligi (Freedom of assembly and association) kabi mezonlar turli jamiyatlarda turlicha namoyon bo‘ladi. G‘arb mamlakatlarida fuqarolik ishtiroki ko‘proq nodavlat tashkilotlar, ommaviy aksiyalar, mustaqil media va lobbichilik madaniyati orqali ko‘rinsa, Markaziy Osiyoga xos jamiyatlarda esa u mahalla, oila, qo‘shnichilik, jamoaviy maslahat va ijtimoiy hamjihatlik orqali ham shakllanadi. Shuning uchun barcha mamlakatlarni yagona siyosiy-madaniy mezonlar asosida baholash har doim ham to‘liq va xolis manzarani ifoda etmasligi mumkin.
Xorijiy davlatlar tajribasi ham shuni ko‘rsatadiki, reytingda yuqori o‘rin egallash avtomatik ravishda mukammal holatni anglatmaydi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, O‘zbekistonning eng muhim ustunliklaridan biri — xavfsizlik va jamoat tartibi sohasidagi amaliy natijalar. WJP hisobotining o‘zi mamlakatni “Tartib va xavfsizlik” (Order and Security) bo‘yicha 17-o‘ringa, mintaqada esa 1-o‘ringa qo‘ymoqda. Bu shunchaki statistik raqam emas. Bu — kundalik hayotda nisbatan barqaror muhit, tinch mahalla, jamoat tartibi va davlatning bazaviy xavfsizlik funksiyalari ishlayotganining muhim indikatori. Dunyoda erkinlik va institutlar haqida ko‘p gapiriladi, ammo xavfsizlik ham inson qadrining ajralmas sharti.
Yangi O‘zbekiston tajribasining yana bir kuchli jihati — islohotlarning qog‘ozda emas, fuqaro va tadbirkor hayotida sezilarli bo‘la boshlaganidir. 2026-yil aprel holatiga kelib, davlat xizmatlarini soddalashtirish, tadbirkorlik muhitini yengillashtirish va investitsiyaviy faollikni rag‘batlantirishga qaratilgan islohotlar amaliy natijalar berayotgani yanada yaqqol ko‘rinmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 1-aprel holatida O‘zbekistonda 577,2 mingta korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda. Shundan 421 ming 969 tasi tadbirkorlik sub’ektlari, 417 ming 250 tasi esa kichik biznes sub’ektlaridir. Ayni paytda, xorijiy investitsiyalar ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 19 ming 72 taga yetgan bo‘lib, ularning 4 ming 392 tasi qo‘shma korxona, 14 ming 680 tasi esa xorijiy korxonalar hisoblanadi. Bu raqamlar yangi O‘zbekistonda ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish, tadbirkorlik uchun qulay muhit yaratish va tashqi kapitalni jalb qilishga qaratilgan islohotlar 2026-yilda ham izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonning yana bir o‘ziga xos kuchi fuqarolik ishtirokining milliy shakllariga tayanishidadir. BMTning O‘zbekiston bo‘yicha 2025-yilgi umumiy mamlakat tahlili (Common Country Analysis) hujjatida O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi tuzilgani va u 9 000 dan ziyod mahallalarni birlashtirgani qayd etilgan. Hujjatda har bir mahallada “Mahalla yettiligi” shakllantirilib, u jamoa manfaatlarini ifoda etish, hamkorlikni kuchaytirish, mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy adolat va hamjihatlikni mustahkamlash hamda aholi ishtirokini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Bu holat shuni ko‘rsatadiki, fuqarolik ishtiroki har doim ham faqat g‘arbcha siyosiy faollik shakllari orqali emas, balki mahalla, qo‘shnichilik va jamoaviy maslahat orqali ham samarali ta’minlanishi mumkin. Bu milliy qadriyatlar va zamonaviy boshqaruv o‘rtasidagi o‘ziga xos uyg‘unlikdir.
Yangi O‘zbekistondagi o‘zgarishlar xalqaro tashkilotlar tomonidan tan olingan amaliy natijalar bilan ham mustahkamlanmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) 2022-yilda O‘zbekiston paxta sohasida tizimli bolalar mehnati va tizimli majburiy mehnat barham topganini e’lon qildi. XMTning rasmiy materiallarida 2021-yilgi paxta terimida ishtirok etganlarning 99 foizi ixtiyoriy mehnat qilgani, barcha viloyat va tumanlarda majburiy mehnat holatlari juda kam yoki deyarli yo‘q darajaga tushgani qayd etilgan. Bu juda muhim fakt. Chunki u mamlakatdagi islohotlar faqat ichki siyosiy bayonot emas, balki tashqi monitoring va xalqaro audit oldida ham natija berganini anglatadi.
Huquqiy poydevorning mustahkamlanishi ham yangi O‘zbekiston islohotlarining muhim qismi hisoblanadi. O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangilangan matnida inson huquq va erkinliklari ajralmas ekani, ularni sud qarorisiz cheklash mumkin emasligi, eng muhimi, inson huquq va erkinliklari bevosita amal qilishi aniq belgilangan. Shu normaga ko‘ra, qonunlar, davlat va o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda mansabdor shaxslar faoliyatining mazmuni aynan shu huquqlar bilan belgilanadi. Bu — huquqiy davlatchilik masalasi mamlakatda tashqi imij uchun aytilgan shior emas, balki konstitutsiyaviy tamoyilga aylanayotganini anglatadi. Albatta, qonun bilan hayot o‘rtasida masofa doim bo‘ladi. Ammo ana shu masofani qisqartirish uchun huquqiy asos yaratilgani islohotlar samarasini baholashda e’tiborga olinishi shart bo‘lgan muhim omildir.
Xulosa shuki, bugun dunyoda ko‘plab mamlakatlar an’ana va modernizatsiya, erkinlik va barqarorlik, milliy davlatchilik va global standartlar o‘rtasida muvozanat izlamoqda. Yangi O‘zbekiston tajribasi ana shu muvozanatni amaliy shaklda qidirayotgan va qurishga harakat qilayotgan model sifatida ahamiyatlidir. Uning qator jihatlari — xavfsizlikni jamoat osoyishtaligi bilan uyg‘unlashtirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali byurokratiya va korrupsiya xavfini kamaytirish, mahalla orqali fuqarolik ishtirokining milliy mexanizmini rivojlantirish, mehnat sohasida xalqaro e’tirof etilgan islohotlarni amalga oshirish, konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytirish — xalqaro miqyosda diqqat bilan o‘rganishga arziydi.
Shu ma’noda, yangi O‘zbekistonni faqat reytinglar jadvalidagi bir raqam bilan emas, balki ish berayotgan amaliy rivojlanish modeli sifatida baholash to‘g‘riroq bo‘ladi. Ayniqsa, o‘z milliy qadriyatlarini saqlagan holda zamonaviy islohotlar o‘tkazishni istagan davlatlar uchun bu tajriba tayyor andoza emas, ammo juda muhim saboq va qo‘llashga arziydigan yondashuvdir.
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova yozib oldi.