Ramiz muallim O‘zbekistonning chin do‘sti edi
Ramiz muallim bilan mamlakatimizdagi adabiy forum va anjumanlarda, kitob taqdimotlarida uchrashish baxtiga muyassar bo‘lgandim. Keyinchalik domlaning mumtoz she’riyatimiz namoyandalari Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarini, taniqli adib Xayriddin Sulton va boshqa yozuvchilar asarlarini ozarbayjon tiliga tarjima qilgani sababli suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldim.
Ustoz ijodkor kunning qaysi payti bo‘lsa ham ko‘makka doim shayligi, bilimdonligi, bag‘rikengligi, o‘zining qimmatli fikr va mulohazalarini doim baham ko‘rishga tayyorligi xizmat yuzasidan vazifalarni osonlik bilan uddalashimda juda asqatgan edi. Ramiz Asqarning O‘zbekistonga, uning bebaho adabiyotiga, mehnatsevar xalqiga mehri juda yuqori ekani har bir so‘zi, hamyurtlarimzga bo‘lgan munosabatidan yaqqol sezilib turardi. Ikki qardosh xalq o‘rtasidagi adabiy, madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlashda, yangi-yangi ijodiy g‘oyalarni o‘rtaga tashlashda Ramiz muallim doim tashabbuskor edi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy a’zosi, taniqli turkolog va tarjimon Ramiz Asqar 70 yoshida bu yorug‘ dunyoni tark etgani haqidagi xabar adabiyot ixlosmandlarini larzaga solgani rost.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Ramiz Asqar 1954 yilda Armanistonning Amasi tumanidagi Azizbek qishlog‘ida tug‘ilgan edi. 1975 yilda Boku davlat universitetining jurnalistika fakultetini, 1978 yilda Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Ramiz muallim uzoq yillar Ozarbayjon ommaviy axborot vositalarida ishlagan. 2002 yildan o‘z ilmiy faoliyatini boshlagan. Boku davlat universiteti turkologiya kafedrasida, Ozarbayjon muhojir adabiyoti va badiiy tarjima laboratoriyasida, turkiy xalqlar adabiyoti kafedrasida mehnat qilgan edi.
Ramiz muallim Boku davlat universitetining turkiy xalqlar adabiyoti kafedrasi mudiri sifatida turkiy dunyoning Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Sulton Husayn Boyqaro, Andalib, Ozodiy, Maxtumquli, Mulla Nafas, Abdulla To‘qay, To‘xtagul va boshqa eng taniqli shoirlari va yozuvchilarining asarlari bilan bog‘liq ba’zi dolzarb masalalarni hal qilish ustida izlanishlar olib borgan edi.
2004 yilda “Qutadg‘u bilig” asarining til xususiyatlari mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 2009 yilda “Devonu lug‘otit-turk” asarining til xususiyatlari mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. U 150dan ortiq ilmiy maqola, 70 dan ziyod kitob chop ettirgan, shularning 54 tasi tarjimadir.
Ramiz Asqar o‘zbek mumtoz adabiyotining fidoyi tarjimoni va targ‘ibotchisi, buyuk mutafakkiri shoir Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarini, “Xamsa” dostonlarini to‘liq ozarbayjon tiliga tarjima qilib, Boku shahrida chop ettirgan.
Fidoyi tarjimonning ozarbayjon tiliga o‘girgan “Boburnoma” asari 2011 yilda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovga sovg‘a qilingan.
Ramiz Asqar 2020 yil fevral oyida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga faxriy a’zo etib qabul qilingan.
O‘zbek adabiyotini targ‘ib etishdagi xizmatlari, o‘zbek va ozarbayjon adabiy aloqalarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun 2022 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan edi.
Ijodkor shuningdek, "Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist" unvoni sohibi ham edi. Ramiz Asqar turkiy davlatlarning 22 ta mukofoti bilan taqdirlangan edi. Jumladan, 2014 yilda Ozarbayjonning “Shuhrat” ordeni bilan mukofotlangan. “Turk dunyosi oldidagi xizmatlari uchun” (Turkiya), “Oltin asr” (Turkmaniston), Bobur (O‘zbekiston) mukofotlari, “Madaniyat sohasidagi yutuqlari uchun” medaliga (Tatariston) sazovor bo‘lgan edi.
Ramiz Asqar O‘zbekistonning, o‘zbek xalqining, milliy adabiyotimizning chin do‘sti, mehribon, oqko‘ngil, sofdil, yaxshilikka xayrixoh ustoz ijodkor sifatida qalbimizda mangu qoladi!
N.Usmonova,
O‘zA